Breaking News

Oq uyni ko'zlagan respublikachilar safi kengaymoqda, Tramp oldinda


Mayami shahar meri Frensis Suarez prezidentlik uchun kurash boshladi
Mayami shahar meri Frensis Suarez prezidentlik uchun kurash boshladi

14-iyun kuni Mayami shahar meri Frensis Suarez Oq uy uchun poygaga kirayotganini e'lon qildi. 45 yoshli respublikachi iqtisodiy masalalar birlamchi deya ta'kidlar ekan, Amerika xalqi sobiq prezident Donald Trampning mashmashalaridan charchaganiga ishora qildi.

Kuni kecha uning shahrida Trampga federal sudda 37 bandli jinoiy ayblovlar qo'yildi. Suarez partiyadosh bo'lsa-da, uni hech qachon quvvatlamaganini aytadi.

Reytinglarda Tramp prezidentlikka da'vogarlar orasida birinchi o'rinda. Ikkinchi o'rindagi Ron Desantis Mayami shahri joylashgan Florida shtatining gubernatori.

10 ga yaqin kishi qo'shilgan poygada Trampning sudlovlari va uning ustidan davom etayotgan tergovlar hozircha ko'p tilga olinmayapti.

Savolga tutilganida sobiq vitse-prezident Mayk Pens 2017-2021 yillar orasida siyosiy sherigi bo'lgan sobiq prezidentni qoralamaydi, ammo u yuzlashayotgan ayblovlar bag'oyat jiddiy ekaniga urg'u beradi.

O'tgan hafta Pens Trampni sudlash to'g'ri bo'lmaydi deb chiqqan edi. Bu haftadagi gaplariga qaraganda endi u bunday fikrda emas.

Sobiq prezident Mayk Pens prezidentlikka da'vogar
Sobiq prezident Mayk Pens prezidentlikka da'vogar

Prezidentlikka saylangan taqdirda va gar Tramp qamalsa, Pens uni afv qilgan bo'larmidi? Bu savolga u bugun "yo'q" deb javob bergan.

Raqibi Nikki Heyli esa, agar Oq uyga saylansa, davlat xavfsizligi naqadar ustuvor masala bo'lmasin, Trampni kechirishi mumkinligini aytmoqda.

Tahlilchilar nazarida Trampning biror respublikachi raqibi uning mashmashalari yuzasidan keskin pozitsiyada emas, chunki ular konservativ saylovchilarning qahridan qo'rqadi. Tramp respublikachilar orasida hamon kuchli nufuzga ega.

Trampning demokrat raqibi Prezident Jo Bayden ham bu masalada gapirishdan o'zini tiymoqda, ammo kampaniya avj olgani sari mavzu qiziydi, deydi siyosatdonlar.

Davlat xavfsizligi bilan bog'liq maxfiy hujjatlarni noqonuniy ravishda saqlaganlikda va adolat yo'liga to'siqlar qo'yganlikda ayblanayotgan Tramp 20 yilgacha qamalishi mumkin.

Florida gubernatori Ron Desantis poygada Donald Trampdan keyingi ikkinchi o'rinda ketmoqda
Florida gubernatori Ron Desantis poygada Donald Trampdan keyingi ikkinchi o'rinda ketmoqda

Iroq urushida xizmat qilgan Desantis fikricha, davlat sirlari bitilgan materiallarning ruxsatsiz olib ketilishi va ularga nisbatan, tergovchilar aytganidek, loqayd munosabatda bo'lish jazosiz qolmasligi kerak. Har qanday shaxs jinoiy qilmishi uchun javob berishi kerak, deydi u. Biroq bu gaplarida u Trampni shaxsan tilga olmaydi.

Respublikachilar orasida Tramp bu sudlovlardan qutulib ketadi va yanayam kuchadi deb taxmin qilayotganlar talay. Ammo qutula olmaydi va pirovardida qulaydi, deya fikrlovchilar ham ko'p.

Qisqa muddatda Tramp yutayotgandek. Dallasdagi yirik nasroniy ibodatxonalar tarmog'i Trampni quvvatlamoqda.

"Odamlar uni ardoqlaydi. Saylovchi unga umid bilan qaraydi", - deydi Robert Jeffress, tarmoq boshqaruvchisi.

Sobiq prezident Donald Tramp Nyu-Jersi shtatida tarafdorlari oldida, 13-iyun, 2023
Sobiq prezident Donald Tramp Nyu-Jersi shtatida tarafdorlari oldida, 13-iyun, 2023

Tramp Amerika tarixida ikki bor impichment jarayonini boshdan kechirgan, shuningdek, jinoiy ayblovlar qo'yilgan birinchi sobiq prezident.

Shu holi bilan ham u 2024-yilda respublikachilardan Oq uy uchun prezidentlikka nomzod sifatida maydonga chiqishining ehtimoli, reytinglarga qaralsa, yuqori. Partiya ichidagi so'rovlarda aksariyat respondentlar hamon uni prezidentlikka loyiq deb biladi.

Bu borada izlangan Emili Sidel tahlilicha, Trampni olqishlayotganlar ko'pligi aniq, ammo konservativ jamoalar nigohida u tobora zaiflashmoqda.

Minglab saylovchilar bilan o'tkazilgan suhbatlardan ma'lumki, deydi Sidel, odamlar bugungi Tramp 2020-yildagi Tramp emas, deb hisoblaydi va undan kuchliroq respublikachi ko'rinsa, uni yoqlashga tayyor.

Trampning saylov kampaniyasi o'tgan bir hafta ichida 7 million dollardan oshiq mablag' to'plagan. 13-iyun kuni kechqurun, Mayamidagi mahkama ketidan, Nyu-Jersi shtatidagi bir koshonadagi ziyofatda Tramp hisobiga tarafdorlardan 2,1 million dollar tushgan.

Mart oyida Tramp Nyu-Yorkda sudga chaqirilganidan keyingi 24 soat ichida saylovchilar uning kampaniyasiga 4 million dollar xayriya qilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG