Breaking News

Afg'onistonda terrorchi guruhlar faollashmoqda


Tolibon jangchilari
Tolibon jangchilari

Tolibon Afgʻonistonni egallab olganidan ikki yil oʻtib, mamlakat yana terrorizm oʻchogʻiga aylanib borayotgani haqida xavotirlar kuchaymoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanksiyalar monitoringi guruhi iyun oyida e'lon qilgan hisobotga ko’ra, Tolibon Doha kelishuvidagi terrorizmga qarshi kurash talablarini bajarmagan.

BMTga a'zo davlatlar razvedka ma'lumotlariga asoslangan hisobotda aytilishicha, "bir qator terrorchi guruhlar Tolibonning de-fakto hukumati ostida ko'proq harakat erkinligiga ega bo’lmoqda".

Turli guruhlar "bundan unumli foydalanmoqda. Afg’onistonda ham, mintaqada ham terrorizm xavfi kuchaymoqda” ", deya qo'shimcha qilinadi hisobotda.

Ba'zi hisob-kitoblarga ko'ra, Afg'onistondagi terrorchi guruhlar soni 20 ga yaqin. Afg'onistonning ayrim qo'shnilari ham bu vaziyatdan xavotir bildirmoqda.

Misol uchun, Pokiston bir necha bor terrorizm bilan bog'liq o'limlar ko'payganiga ishora qilgan. Bu hodisalarning aksariyati Afg'oniston bilan chegarada yuz bergan.

Tolibon bu ayblovlarni rad etadi.

Shu oy boshida Tolibon rasmiysi oliy yetakchi Hibatulloh Oxunzodaning Pokistonga hujumlarni taqiqlovchi qarorini tilga oldi.

Matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, “Tolibon” jangarilari Afgʻonistondagi terror tahdidiga barham bergan.

“Bunday faoliyatga yoʻl qoʻyganlikda aybdor deb topilganlar sudga tortiladi va qonunga muvofiq jazolanadi”, dedi u va “Islomiy davlat” terror guruhining afgʻon boʻlinmasi Tolibon aksilterror operatsiyalari tomonidan yoʻq qilinganini aytdi.

Tolibonning da’vosini AQSh Prezidenti Jo Baydenning ommaviy qo'llab-quvvatlagandek bo’ldi. U o'tgan oy Tolibon o'z so'ziga sodiq qolganini aytib, shov-shuvga sabab bo'lgan edi.

“Afgʻoniston haqida aytganlarimni eslaysizmi? Men “Al-Qoida” u yerda bo'lmasligini aytgan edim… Tolibondan yordam olishimizni aytgan edim”, - dedi Bayden.

"Hozir nima bo'lyapti?" "Matbuotni o'qing. Men haq bo’lib chiqdim", - dedi AQSh rahbari.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan amerikalik mulozimning aytishicha, Bayden bu gapi bilan qisman 2021-yil avgustida Kobul aeroportidagi portlash ortida turgan "Islomiy davlat" terror guruhi yetakchisini o'ldirishda ko’rsatgan Tolibon yordamini nazarda tutgan. Hujum oqibatida 13 AQSh askari va 170 ga yaqin afg‘on tinch fuqarosi halok bo‘lgan edi.

AQShning boshqa rasmiylari esa “Al-Qoida” va “IShID-Xuroson”ning uzoq muddatli rejalari borligini aytib, hushyorlikka undamoqda.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Maykl Kurilla mart oyida Senatning Qurolli kuchlar qo‘mitasidagi tinglovda harbiylarning ikki terrorchi guruhni kuzatish qobiliyati zaiflashganini tilga oldi.

Ayrim sobiq amaldorlar esa “Al-Qoida” va “IShID-Xuroson” qayta hujumga kuch topishi uchun yana qancha vaqt kerak bo’lishi haqida fikrlash lozimligini aytadi.

"Afg'onistondagi na Al-Qoida, na IShID hozirda AQSh manfaatlariga zarba berish imkoniyatiga ega emas, ammo qisqa muddatdan keyin ham shunday bo’lib qolishi haqidagi fikrga qo’shilmayman", - deydi BMTning terrorizmga qarshi kurash bo'yicha sobiq yuqori martabali rasmiysi Edmund Fitton-Braun.

Boshqa tahlilchilar ham shu kabi xavotir bildirgan.

"Hozirgi Afg’oniston faol guruhlar soni ko’pligi bo’yicha 11-sentabrdan oldingi Afg'onistonni eslatmoqda," - deydi “Soufan Group” global razvedka kompaniyasining tadqiqot direktori Kolin Klark.

“Terrorchi guruhlar beqarorlik sharoitida gullab-yashnaydi va haqiqatan ham gullab-yashnamoqda. Afg’onistonda aynan shu narsa bor”, - dedi u iyun oyida “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG