Breaking News

BMT Tolibon bilan bevosita aloqaga undamoqda


BMT maxsus elchisi Roza Otunbayeva Xavfsizlik kengashiga hisobot bermoqda
BMT maxsus elchisi Roza Otunbayeva Xavfsizlik kengashiga hisobot bermoqda

BMTning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Roza Otunbayeva Xavfsizlik kengashiga hisobot berar ekan, vaziyat yaxshilanishi uchun Kobuldagi rahbarlar bilan muloqot zarur, deya undadi. Xalqaro hamjamiyat Tolibon siyosatini o'zgarishini istasa, u bilan bevosita gaplashishi kerak, deydi Otunbayeva.

“Nimani quvvatlab, nimani quvvatlamasligimizni Tolibonga dangal aytib, unga ta'sir qila olishimiz lozim”, - deydi u.

Otunbayeva qoradori savdosiga qarshi kurash va inson huquqlari borasida uning idorasi toliblar bilan gaplashib turadi.

BMT Tolibonga Afg'oniston o'rnini egallashga ruxsat bermayapti. U yerda hali ham eski rahbariyat vakillari o'tiradi.

Ikki yildan beri hokimiyatda bo'lsa-da, Tolibonni biror davlat tan olmagan. Harakat a'zolari, jumladan Kobudagi ma'muriyat vakillariga G'arb yopiq.

Sanksiyalarni bekor qilish uchun asosiy shartlar - xotin-qizlarga erkinlik berish, inklyuziv hukumat tuzish va terrorizmga qarshi real choralar ko'rish.

Otunbayeva deydiki, Tolibon xalqaro hamjamiyatga qo'shilishi uchun xalqaro qonunlarga bosh egishi, umumbashariy normalarni ado etishi kerak.

Biroq, deydi u, BMT doirasida ham murosa qilish zarur, aks holda progress bo'lmaydi.

“Tolibon Afg'oniston xalqi xizmatida ekaniga ishontirishi uchun jiddiy muloqotga kirishib, avvalo fuqaro ahvolini yaxshilash uchun qadamlar tashlasin. Inson huquqlarini hurmat qilishini isbotlasin", - deydi Robert Vud, AQShning BMTdagi diplomati.

BMT qoshida Tolibon bilan xalqaro diplomatiyaga bosh-q0sh bo'lish uchun maxsus vakil tayinlashga qaror qilingan, lekin bu Kobulga ma'qul emas. Tolibon nazarida, BMTning bunday tashabbuslari shu paytgacha samara bermagan.

AQSh esa yangi maxsus vakil rolini yuqori baholab, boshqalarni ham uni quvvatlashga chaqirmoqda.

Xitoyga ko'ra esa Tolibon bilan ortiqcha shartlarsiz muloqot qilish kerak. Xalqaro hamjamiyat undan nima kutayotgani aniq, deydi Pekin diplomatlari.

Xitoy qatorida Rossiya, Xavfsizlik kengashining yana bir doimiy a'zosi, Tolibon bilan aloqada. Tan olish uchun ular ham BMT shartlarini eslatadi, ammo diplomatik va tijoriy rishtalarga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG