Breaking News

BMT: G'azoda sog'liqni saqlash tizimi barbod bo'ldi


Xon Yunus, G'azo sektori, 17-dekabr, 2023
Xon Yunus, G'azo sektori, 17-dekabr, 2023

Jahon Sog'liqni saqlash tashkilotiga ko'ra, G'azo sektorida sog'liqni saqlash tizimi ishdan chiqqan. Ta'minot uzilgan, odamlarga tibbiy xizmat ko'rsatish imkoniyati cheklangan.

“Butun bir sistema ko'z oldimizda qulayapti", - deydi tashkilot vakili Shon Keysi.

U besh hafta G'azoni kezib, ahvolni tekshirgan.

“Jarohatlangan odamlar soatlab, kunlab yordam ololmayapti. Kasalxonalarda ocharchilik, suvsizlik", - deydi mutaxassis.

Urush to'xtashi shart, deydi u, aholining salomatligiga qarash zarur.

Isroil-XAMAS urushiga qadar G'azoda 36 kasalxona va 25 mingga yaqin shifokor va tibbiy xodimlar bo'lgan.

Hozirda faqat 15 kasalxona qismangina ishlayapti. Buning ustiga dori-darmon va xodimlar yetishmaydi.

Hujumlarda og'ir jarohatlanganlar soni 50 mingdan oshgan.

“Jasur tibbiyotchilar bor, ular mijja qoqmay ishlashyapti”, - deydi Keysi.

"Lekin ko'plarining yaqinlari o'lgan. Boshqalarning uyi vayrona. O'zlari bilan ovora. Vaziyat sal yaxshilansa, bu tibbiy xodimlar ishga qaytadi".

Rafa, G'azo sektori, 16-yanvar, 2024
Rafa, G'azo sektori, 16-yanvar, 2024

Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti G'azoga insonparvarlik yordamini oshirishga undamoqda. Isroil unga yo'l berishi kerak.

Keysi uning komandasi 12 kun davomida sektorga ko'mak olib kira olmaganini aytadi.

Al-Ahli degan yirik kasalxonada ahvol dahshatli, deya hikoya qiladi mutaxassis.

“Odamlar bu muassasada davolanmayapti, balki o'limini kutib yotgandek, chunki ularga xizmat ko'rsatilmayapti. Tok yo'q. Suv yo'q. Dori-darmon deyarli tugagan. Hamshiralar deyarli qolmagan".

Isroilga ko'ra, XAMAS tashqaridan kelayotgan yordamni o'marmoqda. Keysi bunga ishonmaydi.

“Xayriya qilingan biror narsa g'oyib bo'lganini ko'rmadim, eshitmadim. Nimaiki kelayotgan bo'lsa, kasalxonalar jon deb olayapti va ishlatyapti. Taqchillik shu qadar kengki, har bir paket darhol ochiladi va tarqatiladi", - deydi u.

Rafa, G'azo sektori, 18-yanvar, 2024
Rafa, G'azo sektori, 18-yanvar, 2024

Xalqaro qutqaruv qo'mitasidan Sima Jilani ham G'azodagi vaziyatni o'rgangan.

"Shu qadar og'ir muhitni hech yerda ko'rmaganman", - deydi Jilani, uzoq yillardan beri qaynoq hududlarda ishlab keladigan shifokor.

Bolalar doktori sifatida u o'nlab falastinlik go'daklarga qaragan. Biror preparat yetarlicha ta'minlanmagan, biror uskuna yaxshi ishlamaydi, deydi u.

Bomba ostida qolgan 1 yoshli bolaning hayotini asrab qolish uchun qanchalik qiynalganini hikoya qilar ekan, Jilani bunday ilojsiz insonlar G'azoda minglab sonlarda, deydi.

U ko'rgan shifokorlar va hamshiralar kunu-tun ishlasa-da, oilalari uchun yegulik topa olmayapti. Uylari yer bilan yakson, boshpanasiz.

BMTning G'azo bo'yicha koordinatori Sigrid Kaag yordamni oshirish uchun Misr bilan muloqotda ekanini aytadi. Ko'mak uzatishning yangi yo'llari ochiladi, deydi u.

Bosh kotib Antoniu Guterrish Davosda Jahon Iqtisodiy forumida so'zlar ekan, zudlik bilan sulh tuzishga va Falastin davlatini barpo etish uchun harakatga chaqirdi.

“Azob-uqubatga chek qo'yishning boshqa yo'li yo'q. Aks holda bu urush kengayadi, butun mintaqa tahlika ostida”, - deydi Guterrish.

Isroilning tinimsiz hujumlarida G'azoda o'tgan yilning 7-oktabridan beri 24 mingdan ziyod odam o'ldi, aksariyati ayollar va bolalar.

XAMAS uch oy oldin Isroilning 1200 fuqarosini o'ldirgan. Urush mana shu xurujdan keyin avj oldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG