Breaking News

"Polygraph.info": Putinning AQShdagi saylov tizimi haqidagi gaplari asossiz


18-yanvar kuni AQSh Davlat departamenti avtoritar hukumatlarning demokratik institutlarni izdan chiqarish urinishlariga qarshi kurashish tashabbusini e'lon qildi.

Tashabbus erkin va ochiq jamiyatlarni “axborot manipulyatsiyasi” va saylovlarni tashqi aralashuvdan himoya qilishga, bu borada ittifoqchilar bilan umumiy strategiya ishlab chiqishga qaratilgan.

2023-yil oktabr oyida AQSh razvedkasi e’lon qilgan sarhisobda keltirilishicha, Rossiya subyektlari “2020-yilda AQShda bo‘lib o‘tgan saylovlarga jamoatchilik ishonchini susaytirish maqsadida” oldindan axborot tarqatishni kuchaytirgan.

“Rossiya hukumatining yuqori martabali amaldorlari, jumladan, Kremldagilar ham ta’sir o‘tkazishning bu turini muhim hisoblaydi va uni samarali deb biladi”, - deyiladi hisobotda.

AQShda ayni paytda prezidentlikka respublikachi nomzodlarni saralash jarayoni davom etayapti. Vladimir Putin Amerika demokratiyasiga boʻlgan ishonchni susaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar ohangini belgilab bermoqda.

16-yanvar kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Putin 2020-yilgi AQSh prezidentlik saylovlari natijasi soxtalashtirilgani iddao qilgan. Shuningdek, u Rossiya okkupatsiyasi ostidagi Ukraina hududlarida o‘tkazilgan 2022-yilgi soxta referendumlarni “qonuniy” deya da’vo qilgan.

Putin, xususan, AQShda pochta orqali yuborilgan saylov byulletenlarining qonuniyligini savolga tutgan.

“Istalgan narsani soxtalashtirish mumkin. Xuddi AQShda saylovlar pochta orqali ovoz berish vositasida soxtalashtirilgani kabi. Pochta orqali ovoz berish nima ekanligini bilamiz. Ular saylov byulletenlarini 10 dollarga sotib olib, uni to’ldiradilar va hech qanday kuzatuvchi nazoratisiz pochta qutilariga tashlaydilar”, - dedi Putin.

"Amerika Ovozi"ning POLYGRAPH.info faktlarni tekshirish tarmog'i xulosasiga ko’ra, Rossiya rahbarining AQShda pochta orqali ovoz berish tizimi haqidagi bu gaplari haqiqatga mos kelmaydi.

COVID-19 pandemiyasi davomida aholi salomatligini asrash maqsadida, pochta orqali ovoz berish AQShda bo’ylab keng joriy qilingan edi.

Sobiq prezident Donald Tramp pochta orqali ovoz berish firibgarlikka yetaklagani va uning saylovda yutqazishiga hissa qo’shgani haqidagi bayonotlari ketidan masala siyosiy tus olgan. Trampning ko‘plab respublikachi tarafdorlari, isbot-dalillar yo‘qligiga qaramay, uning bu gaplariga ishonadi.

AQShdagi boshqa konservatorlar ham shaxsan ovoz berish pochta orqali ovoz berishdan afzalroq ekanligini ta'kidlab keladi.

“Heritage Foundation” konservativ tahlil markazining katta ilmiy xodimi Xans fon Spakovskiy deydiki, pochta orqali yuborilgan saylov byulletenlarini “o‘g‘irlash, o‘zgartirish va soxtalashtirish ehtimoli baland ” va odamlar “ovoz berish jarayonida bosimga uchrashi yoki ovoz berishga majburlanishi” mumkin".

Chunki ular nazoratsiz va kuzatuvsiz to’ldiriladi, deydi u.

Spakovskiyga ko’ra, pochta tizimidagi muammolar tufayli ayrim byulletenlar vaqtida yetkazilmasligi ham mumkin.

Pochta orqali ovoz berish 2020-yilgi AQSh prezidentlik saylovlarida keng miqyosli firibgarlikka yetaklagani haqida dalil-isbot yo’q.

Putinning odamlar saylov byulletenlarini 10 dollarga sotib olgani haqidagi gaplari yolg‘on. Pochta xizmati narxi bilan bog'liq muammolar yuzaga kelgan bo'lsa-da, byulletenlar bepul edi.

19 shtat hamda Kolumbiya okrugi byulletenlarni pochta orqali yuborish xarajatlarini o’z zimmasiga olgan.

Byulletenni pochta orqali qaytarish yoki maxsus qutilarga tashlash nazorat qilinmasligi rost, ammo bu jarayon firibgarlikka yetakladi, degan xulosa asossiz.

Har bir qutining alohida qo'riqlanmaganligi, xavfsizlik choralari oldindan, saylov byulletenlarini saylovchiga pochta orqali yetkazishdan tortib, ularni ovozlarni hisobga olish markazlarida sanalgunga qadar ko'rilgani bilan bog'liq.

Bu chora-tadbirlarni Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetining xavfsizlik bo'yicha eksperti Stiven Bellovin sanab o’tgan edi. Birinchidan, saylov byulletenlari faqat ro'yxatga olingan, yashash joyi saylov organlari tomonidan tasdiqlangan saylovchilarga yuboriladi.

Byulleten pochta orqali maxsus himoyalangan konvertlarda yetkaziladi. Uning ichida “maxfiylikni ta’minlash uchun” imzo va seriya raqami yoki shtrix-kodni, shaxsni tasdiqlovchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, byuletenni qaytarishga mo’ljallangan konvert joylangan bo’ladi.

Bu seriya raqami har bir saylovchining reyestr maʼlumotlar bazasidagi raqamiga mos tushishi lozim, bu esa “boʻsh byulletenlarni chop etib, pochta orqali joʻnatish imkonini yo’qqa chiqaradi”, deb yozadi Bellovin.

Saylovchilarning imzolari ham ro‘yxatdagi ma’lumotlar bazasida ko‘rsatilganiga mos kelishi tekshiriladi.

Ushbu talablar bajarilgandan so'nggina byulleten konvertdan chiqariladi. Bu esa "pochta orqali yuborilgan byulletenlarning maxfiyligini, shaxsan ovoz berish jarayonidagi kabi," kechishini ta'minlaydi.

Bellovinning ta'kidlashicha, to'ldirilgan byulletenlarni sanash vaqtida saylov uchastkalari aksariyat hollarda har ikki partiya, demokratlar va respublikachilardan bo’lgan xodimlarining ishtirokini talab qiladi.

Shaxsan ovoz berishdan ko'ra, pochta orqali ovoz berishda firibgarlik ko'proq sodir etilishi bor gap.

Ammo tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, saylov byuletenlarini pochta orqali yuborishdagi firibgarlik holatlari juda kam uchraydi. “News21” nomli jurnalistik tekshiruvlar loyihasi o’tkazgan keng qamrovli tadqiqotda firibgarlik holatlari miqdori "nihoyatda kam" deb topilgan.

Ochiq ma'lumotlarni obdan tekshirish orqali “News21” 2000-yildan 2012-yilgacha butun mamlakat bo'ylab 491 ta sirtdan (oldindan) ovoz berish byulletenlari soxtalashtirilgani va ro’yxatga olish bilan bog’liq 400 ta firibgarlik holatini aniqlagan.

Bu "tom ma'noda milliardlab ovozlar (shaxsan va pochta orqali) berilgan" davrni qamrab oladi, deb yozadi amerikalik huquqshunos olim Richard Xasen “Washington Post” gazetasida e’lon qilingan maqolasida.

“USA Today” nashri ekspertlari ham "pochta orqali ovoz berish xavfsiz va ishonchli" ekanligini ko'rsatish uchun 2020-yildagi bir nechta tadqiqotlarni bir joyda to’plagan.

“Washington Post” va Elektron ro'yxatga olish markazi tomonidan o’tkazilgan tekshiruvga ko’ra, 2016 va 2018-yillardagi umumiy saylovlarda pochta orqali berilgan 14,6 million ovozning atigi 0,0025 foizi potensial firibgarlik holati, deya topilgan.

Umuman olganda, AQShda saylovlarda firibgarlik juda kam uchraydi.

Brennan adliya markazining qayd etishicha, "odamni chaqmoq urishi ehtimoli, uning saylov uchastkasida boshqa saylovchi o’rnida ovoz berishidan ko'ra ko'proq". Markazning 2007-yilda bir necha saylovlarni tahlil qilib xulosa qilishicha, saylovlarda firibgarlik darajasi 0,0003% dan 0,0025% ga teng.

Markaz “ovoz beruvchilar tomonidan saylov uchastkalaridagi firibgarliklar kamdan kam uchraydigan holat” ekanligini ko‘rsatuvchi o‘ndan ortiq boshqa tahlil va tadqiqotlar ro‘yxatini tuzgan.

2020-yilgi AQSh saylovlarini ishonchsiz deya, Kremlning Ukrainaning bosib olingan hududlaridagi “referendumlarini” oqlagan Putin “miltiq o’qtab” odamlarni ovoz berishga majburlab bo’lmasligini aytgan.

Biroq Rossiya qurolli kuchlari aynan shunday qilgan. Dalillar shuni ko’rsatadiki, 2022-yil sentabrida Ukraina hududlarida Moskva tayinlagan rahbariyat va harbiy kuchlar uyma-uy yurib, “ovoz” yig‘gan.

Odamlar o‘z byulletenlarini to‘ldirayotganda ularning tepasida rus askarlari turganini aks etgan fotosuratlar ham bunga bir dalil.

Ruslar referendumda qatnashgan saylovchilarni qo‘rqitganini Ukraina qo‘shinlari tomonidan ozod qilingan hududlardagi guvohlar ham tasdiqlagan.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ushbu referendumlarni qoralagan va ularni “Birlashgan Millatlar Tashkiloti tamoyillari va xalqaro huquqni buzish”, deya izohlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG