Breaking News

Navaxo qabilasi daryo suvidan foydalanish huquqi uchun kurashmoqda


Kolorado daryosi: Qabilalar va suv huquqlari (4-qism)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:19 0:00

Navaxo qabilasi yashovchi qo’riqxona – AQShdagi eng kattasi. Uning g’arbiy chegarasi bo’ylab Kolorado daryosi oqadi. Ammo o’nlab yillardan buyon qabila bu daryodan foydalana olmaydi.

Mamlakat janubi-g’arbiy hududlari mega-qurg’oqchilikdan aziyat chekar ekan, qabila a’zolari suv sotib olish uchun uzoq masofani bosib o’tishadi.

“Kuniga ikki mahal suv tashiymiz”, - deydi Ronald Atakay.

Shimoliy Arizonadagi suv manbasiga konteyner bilan kelish uchun har kuni 30 dollarlik benzin yoqish kerak. Ammo u va Navaxo rezevatsiyasidagi boshqa oilalarning boshqa iloji yo’q.

Qabila hisob-kitobiga ko’ra, 71 ming kvadrat kilometr hududdagi uylarning uchdan birida suv yo’q.

Kolorado daryosi suvini 7 shtat o’rtasida taqsimlash to’g’risidagi 1922-yilgi kelishuvda 30 qabilaning suvdan foydalanish huquqlari ham qayd etilgan. Biroq har bir qabilaga ajratiladigan suv miqdori belgilanmagan.

Ushbu ulushni qonuniy ravishda belgilash “miqdorni aniqlash” deya yuritiladi va qabila yashayotgan shtat ma’muriyati bilan hal qilinishi kerak. Navaxo qabilasi Yuta va Nyu-Meksiko shtatlari bilan suv huquqlari bo’yicha allaqachon kelishib olgan. Arizona bilan esa masala ochiq qolmoqda.

Navaxo a’zosi, professor Xezer Tanana fikricha, gap shundaki, Arizona suv ulushi bo’yicha murosa qilishdan manfaatdor emas.

“Qabilaviy suv huquqlari Arizonaga ajratiladigan kvotaning bir qismi hisoblanadi. Ya’ni bir qabila suvdan foydalanmoqchi bo’lsa, shtat uni o’z ulushidan ajratib berishi kerak”, - deydi Tanana.

Qabilaviy suv huquqlari daryoning o’rtacha oqimining chorak qismini tashkil etadi. Bu aksar shtatlar oladiganidan ko’proq. Ammo miqdoriy kelishuvlar va suvni yo’naltirish uchun infatuzilma yo’q ekan, tubjoy amerikaliklarga atalgan suvdan boshqalar foydalanmoqda, xususan shaharlar va qishloq xo’jaligi. Tizim o’nlab yillardan buyon shu tariqa ishlashda davom etmoqda.

Ayrim qabilalar, masalan Arizonadagi “Gila River” jamoasi Kolorado daryosidan o’z ulushini olmaslikka rozi. Buning evaziga federal hukumat ularga suvni boshqa manbadan olish uchun moliya ajratadi.

Suv huquqlari bilan bog’liq munozaralar Oliy sudgacha yetib bordi. Sud 2023-yil yozda chiqargan qarorga ko’ra, Navaxo qabilasi suvdan foydalanish huquqiga ega, lekin hukumat ularni suv bilan ta’minlab berish majburiyatini olmaydi.

Kurash davom etadi, deydi Tanana.

“Suv miqdorini aniqlab, yordam berish mas’uliyati hukumatga yuklanganida edi, rezervatsiyalarda suvga ehtiyoj tezda qoplangan bo’lardi. Bora-bora bunga erishamiz ham. Biroq vaqt va qat’iyat kerak”.

Ayni paytda minglab navaxoliklar suv olish uchun shu kabi stansiyalarga kelishda davom etishadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG