Breaking News

Afg'onlarga maxsus viza berish to'xtatilmasin, deydi faollar


Pokistonda Amerikadan madad kutayotgan afg'onlar
Pokistonda Amerikadan madad kutayotgan afg'onlar

AQSh 2023-yilda 39 ming afg'onga maxsus viza bergan. Davlat departamenti Kongressdan bu dasturni kengaytirish uchun ruxsat so'ragan.

Minglab odamlarning hujjatlari hali ko'rib chiqilmagan. Hozirgi programma bo'yicha yana 800 afg'on AQShga kiritilishi mumkin.

Muhojirlarni himoya qiluvchi tashkilotlarga ko'ra, Vashington turli davlatlarda va vatanida madad kutib o'tirganlardan yuz o'gira olmaydi.

"Ko'proq viza uchun ruxsat berilmasa, dastur yoz oxirigacha yopiladi", - deydi Endryu Sallivan, "No One Left Behind" degan guruh yetakchisi.

Sallivanning tashkiloti Iroq va Afg'onistonda AQSh bilan hamkorlik qilgan fuqarolar dardini Vashingtonga eslatib turibdi.

Senatda liberallar Davlat departamentining taklifini ko'rib chiqib, salmoqli quvvatlagan. Ular nazarida 20 yil davomida terrorga qarshi AQSh bilan yonma-yon kurashgan afg'onlarga yordam berilishi shart.

Demokrat senator Jin Shahin bu tashabbusga bosh-qosh. U olg'a surgan loyihada 20 ming qo'shimcha viza haqida gap ketadi.

“Biz afg'on xalqiga ularni himoya qilishni va'da berganmiz, xuddi ular bizni himoya qilganidek. Biz ularni Tolibon tahdidi ostiga tashlab qo'ya olmaymiz", - deydi Shahin.

Biroq Vakillar palatasidan hali aniq javob yo'q. "Amerika Ovozi" ham bu borada savollarga spiker idorasidan javob olmagan.

Tolibon Amerika bilan ishlagan afg'onlarni jazolash payida, deydi faollar. Shu kungacha 200 kishi shunday asnoda qatl etilgani ma'lum.

2008-yildan beri AQSh 120 ming afg'onga maxsus viza bergan. 2021-yilda Amerika kuchlari va tashkilotlari Afg'onistonni tark etganidan beri Oq uy uchun bu mamlakat prioritet emas.

Vashington Tolibonni tan olmaydi, shu bilan birga muxolifatni ham quvvatlamaydi. Prezident Jo Bayden Afg'onistonni deyarli tilga olmaydi. Kongressga bu yilgi hisobotida ham bu mavzuni ochmadi.

Respublikachilar uni bu borada keskin tanqid qilib keladi. Biroq afg'on muhojirlarining masalalari bilan shug'ullanayotgan tashkilotlar respublikachilarni maxsus viza dasturi yuzasidan jonbozlik ko'rsatishga chaqirmoqda.

Afg'onlarga real najot berish ularga ko'proq viza ajratishdan boshlanadi, deydi faollar.

XS
SM
MD
LG