Breaking News

Markaziy Osiyo yetakchilari uyg'urlar muammosiga ko'z yummoqda


Xitoy jamoat xavfsizligi vaziri hamda Shinjon-Uygʻur avtonom viloyati raisining Markaziy Osiyo boʻylab yaqinda qilgan safari chog’ida mintaqa yetakchilari tomonidan Xitoyda zulm ko’rayotgan uyg’urlar masalasi tilga olinmadi.

Xitoy rasmiylarining iliq kutib olinishi mintaqaning Pekin bilan iqtisodiy aloqalari kuchayib borayotganini ko’rsatadi. Ayni paytda Markaziy Osiyoning an’anaviy ittifoqchisi Rossiya bilan munosabatlarida muammolar ham ko’zga tashlanmoqda.

22-mart kuni Moskvadagi konsert zalida kamida 140 kishining oʻlimi va 100 ga yaqin kishining jarohatlanishiga sabab boʻlgan hujumdan soʻng Rossiyada markaziy osiyoliklarga qarshi kayfiyat kuchaydi.

Rossiya matbuoti xabariga ko’ra, hujumdan so‘ng Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarga nisbatan nafrat jinoyatlari va zo‘ravonlik holatlari ko‘paygan.

Hujum uchun mas'uliyatni "Islomiy davlat" terror guruhining Janubiy-Markaziy Osiyoda, ayniqsa, Afg'onistonda faol bo'lgan "Islom davlati-Xuroson" guruhi zimmasiga oldi.

Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyoti tarixan Rossiyadagi mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalariga bog‘liq bo‘lib kelgan. Ammo Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyati mustaqilligi tarafdori bo‘lgan, quvg’indagi Sharqiy Turkiston hukumati vakili Solih Xudoyorga ko‘ra, uyg‘urlar va boshqa turkiy xalqlarga nisbatan inson huquqlarining poymol etilishiga qaramay, Markaziy Osiyo yetakchilari Xitoy bilan aloqalarini yanada kuchaytirib bormoqda.

Xudoyorning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Markaziy Osiyo mintaqasidagi hukumatlar Xitoy rasmiylari, jumladan, aksariyati musulmon uygʻurlardan iborat Shinjondagi rasmiylar bilan biznes yuritishga tayyor va bu yerda huquqlarning buzilishi bo'yicha xalqaro xavotirlarga ko’z yummoqda.

“AQSh va Yevropa Ittifoqi kabi kuchlarning yumshoq javoblari nafaqat Sharqiy Turkiston [Shinjon] xalqini e’tiborsiz qoldirdi, balki Markaziy Osiyo davlatlarini Xitoy bilan aloqalarini chuqurlashtirishga undadi”, - dedi Xudoyor.

AQSh va Yevropa Ittifoqi Xitoyning Shinjondagi inson huquqlari buzilishini rasman genotsid deb atagan. BMT Inson huquqlari boʻyicha idorasi esa Xitoyning Shinjondagi harakatlari insoniyatga qarshi jinoyat boʻlishi mumkinligini aytib, jumladan, oʻzboshimchalik bilan hibsga olish, majburiy mehnat, majburiy sterilizatsiya va kuzatuv keng tarqalganini taʼkidlagan.

Xitoy bu ayblovlarni rad etib, ularni AQSh boshchiligidagi Xitoyga qarshi kuchlar Xitoy taraqqiyotini toʻxtatish maqsadida o’ylab topgan yolgʻonlar deb hisoblaydi.

Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyati raisi Erkin Tuniyaz o‘tgan hafta O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng 1-aprel kuni Bishkekda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan ham uchrashgan.

Inson huquqlarini poymol qilishda ishtirok etgani uchun AQSh hukumati tomonidan sanksiyaga uchragan etnik uyg‘ur Tuniyaz mintaqada savdo, tog‘-kon sanoati, madaniy almashinuv va gumanitar yordam sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borgan.

Shu kuni Xitoy Jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan xavfsizlik masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.

Karnegi Rossiya-Yevrosiyo markazining Xitoy va Markaziy Osiyo bo‘yicha eksperti Temur Umarovga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Xitoy bilan iqtisodiy va xavfsizlik aloqalarini olib borishda inson huquqlari masalasini hisobga olmasligi ularning boshqaruv uslublari bilan bog’liq.

"Barcha Markaziy Osiyo davlatlari avtoritar ekanligini yodda tutish kerak va AQShning Xitoydagi vaziyatdan xavotirlari Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi rejimlarga ham tegishli, - dedi Umarov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. - Shunday ekan, Markaziy Osiyo davlatlari AQShning Xitoyga nisbatan bunday daʼvolarini Xitoy bilan munosabatlariga taʼsir etuvchi omil sifatida koʻrib chiqishlarini kutmayman”.

"Ular tashqi siyosatida pragmatikdir, - deya qo'shimcha qildi u. - Ular Xitoysiz o'z iqtisodiyotlarining rivojlanishini va siyosiy barqarorlik bo’lishini tasavvur qila olmasliklarini tushunadi".

“Markaziy Osiyodan Xitoyga barcha logistika markazlari va energiya eksporti Shinjon orqali oʻtadi, - deya qo’shimcha qiladi Umarov. - Markaziy Osiyoda filiallariga ega boʻlgan barcha korxonalar va investitsiya loyihalarining aksariyati Shinjondan”.

“Demak, aslida biz Xitoy-Markaziy Osiyo munosabatlari deb ataydigan narsa, aksariyat hollarda, Shinjon-Markaziy Osiyo munosabatlaridir”, - deydi Umarov.

Rasmiy statistik maʼlumotlarga koʻra, Xitoy Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati uchun asosiy savdo sherigi hisoblanadi. Qozog‘iston matbuotiga ko‘ra, o‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 31,5 milliard dollarga yetgan. Bunda Shinjon hissasi 64 foizdan ortiq.

“Xitoy mintaqaning asosiy savdo hamkorlaridan biri va Markaziy Osiyoga asosiy sarmoyador, - deydi Osiyo jamiyat siyosati instituti tadqiqotchisi Jenevyev Donnellon-Mey. - Shu bilan birga, Markaziy Osiyo yetakchilari Rossiyaga qaramligini kamaytirishdan manfaatdor boʻlishi mumkin”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG