Vashingtonda Jahon O'zbeklari Kengashiga asos solindi


AQSh poytaxti Vashingtonda Jahon O'zbeklari Kengashi nomini olgan notijoriy va nodavlat tashkilot ro'yxatdan o'tdi. Jahon O'zbeklari Kengashi o'z faoliyatini o'tgan haftada rasman boshladi. Uning asosiy maqsadi - professional o'zbekistonliklarni birlashtirib, aloqa tarmog'i yaratish. Tashkilot rahbari Otabek Nazirovning gapiga qaraganda, hozir jahon bo'ylab ko'plab o'qimishli va tajribali yosh o'zbekistonliklar bor va ularni birlashtirib, bilimlaridan O'zbekiston farovonligi yo'lida foydalanish zamon talabidir.

Otabek Nazirov: "O'zingiz yaxshi bilasiz, ACCELS, Umid va boshqa dasturlar bo'yicha ko'plab yoshlarimiz chet-elda o'qib, bilim olgan va hozirda dunyoning turli chekkalarida turli xil kompaniyalar va tashkilotlarda ishlamoqdalar. Biroq ular tarqoq. O'zbekiston ularning bilim va tajribalaridan yetarlicha foydalana olmayapti. Ularni bir-biriga bog'laydigan professional tarmoq tuzishga bel bog'laganmiz."

Otabek Nazirovning aytishicha, Jahon O'zbeklari Kengashi siyosiy tashkilot emas.

Otabek Nazirov: "Biz o'z oldimizga siyosiy maqsadlarni yoki shiorlarni qo'ymaymiz. Maqsadimiz - tajribali o'zbekistonliklar bilan aloqa o'rnatib, ularning o'z vatandoshlariga, tengqurlariga yordam berish yo'llarini topish."

Kengash a'zolari o'z sohasining yetuk mutaxassislari, deydi uning raisi.

Otabek Nazirov: "Tashikolitmiz a'zolari Buyuk Britaniya, AQSh, Rossiya va boshqa mamlakatlarda professional darajada xizmat qilayotgan yoshlardir. Ularning ichida yuristlar, bankirlar, iqtisodchilar va boshqa soha vakillari bor. Ularning niyatlari O'zbekiston yoshlariga namuna bo'lish va ularga qo'ldan kelgancha ilm-fan, ijtimoiy sohalarda yordam berish hamda ularni mavjud imkoniyatlar haqida boxabar qilish. O'ylaymizki, tashkilotimiz tobora kengroq jabha vakillarining diqqatini tortadi. Tashkilotimiz haqidagi qo'shimcha ma'lumotlarni Internetdagi saytimizdan olsa bo'ladi. Adresimiz - http://www.gucweb.org".

XS
SM
MD
LG