Markaziy Osiyo xabarlari-6 yanvar


ERON-O’ZBEKISTON

O’zbekistonning Erondagi favqulotda va muxtor elchisi Ilhom Akromov, Tehronda Eron savdo vaziri Masud Mir-Kozimiy bilan uchrashib, savdo aloqalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv davomida Mir-Kozimiy bugungi kunda Eron O’zbekiston bilan tijorat, temir yo’l transporti va muhandislik xizmati sohalaridagi hamkorlikka urg’u berib, mamlakatda Eron sarmoyasining oshib borayotganini ijobiy baholadi. Aloqalarni yanada rivojlantirish yaqin kunlarda ikki davlat qo’shma kommissiyasining Toshkentda o’tishi kutilayotgan uchrashuvida muhokama qilinadi.

TURKMANISTON

Turkmaniston prezidentining matbuot xizmatiga ko’ra, 22-23 yanvar kunlari prezident Saparmurot Niyozov, Rossiya prezidenti Vladimir Putin taklifiga ko’ra Moskvaga tashrif buyuradi. Aytib o’tish joiz, yaqinda Rossiya va Ukraina bilan gaz ta’minoti bo’yicha yangi shartnoma tuzilgach, Turkmanistonga Yevropaning energetik xavfsizligida asosiy ro’l o’ynovchi davlat sifatida qaralmoqda, chunki Turkmanistonning Ukrainaga gaz eksporti uning narxini rasmiy Kiyev uchun ancha barqarorlashtirishi mumkin.

QIRG’IZISTON

Qirg’iziston prezidenti Kurmanbek Bakiyev o’z va’dasiga sodiq qolgan holda, 2006 yilining so’nggi choragida konstitutsiyaga o’zgartirishlar kiritish bo’yicha referendum o’tkazilishini aytdi. Ma’lumki saylovlardan oldin Bakiev, mamlakat demokratik yo’ldan boradi deya, konstitutsiyada belgilangan ayrim qonunlarni o’zgartirish lozimligini aytgan edi.

QOZOG’ISTON

Qozog’istonning Belgiya, Luksemburg, Niderlandiyadagi favqulotda va muxtor elchisi, shuningdek mamlakatning NATO bo’yicha missiyasi boshlig’i Konstantin Jigalov, NATO Bosh kotibining xalq diplomatiyasi bo’yicha muovini janob Jan Furne bilan uchrashdi. Tomonlar ilm-fan sohasidagi aloqalar istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek Qo’zog’istonning Energiya va Mineral Resurslar bo’yicha vazirligi tashabbusi bilan yadroviy qurollar tarqalishiga qarshi choralar ko’rilayotgani haqida ma’lumotlar almashildi. Uchrashuvda shu yilning iyul oyida Qozog’istonda NATOning ilm fan bo’yicha qo’mitasi yig’ilishining tashkiliy ishlari ham muhokama qilindi.

ROSSIYA-TOJIKISTON

Rossiya prezidentining matbuot xizmatiga ko’ra, Prezident Putin Tojikiston va Rossiya o’rtasidagi, ikki tomon fuqarolarining mehnat faoliyati bo’yicha ishlab chiqilgan qonunni ratifikatsiya qildi. Qonun asosida, Tojikistonda ishlayotgan Rossiya fuqarolarining va Rossiyada ish bilan band Tojikiston fuqarolarining xavfsizligi masalalari va mehnat shartlari belgilangan.

XS
SM
MD
LG