Breaking News

Mintaqaviy hamkorlik Markaziy Osiyoda taraqqiyot kaliti


27 mart kuni Vashingtonda Brukingz (Brookings Institute) siyosiy-tahliliy instituti va BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP)homiyligida Markaziy Osiyoda hamkorlik va integratsiya mavzusida o'tgan anjumanda mintaqaviy hamkorlik suvdek zarur degan xulosaga kelindi.

Bunday xulosaga kelishning asosiy sababi shundaki, mintaqadagi muammolarni faqatgina o’zaro hamkorlik yordamida hal qilish mumkin. Muammolar esa talaygina.

Mutaxassislar nazarida ularning ba’zilari sun’iy ravishda yaratilgan. Mamlakatlar o’rtasidagi viza tizimi, chegaralarning o’rnatilishi, xususiy va mayda savdogarlarning faoliyatiga ma’muriy cheklovlar va katta bojxona to’lovlari qo’yilishi sun’iy ravishda yaratilgan muammolardir.

90-yillar o’rtalarida Qirg’iziston moliya va iqtisodiyot vaziri bo’lgan Talaybek Koychumanovning aytishicha, bu kabi cheklovlarni bekor qilishdan mintaqa davlatlari talaygina foyda ko’rishlari mumkin.

Yaratilgan ma’muriy cheklovlardan o’tish uchun mayda savdogarlar chegaradan olib o’tilayotgan mahsulotlar narxining 40 foizigacha bo’lgan qiymatini poraga sarflashadi. Agar shu cheklovlar olib tashlansa, Qirg’iziston yalpi ichki mahsuloti 1.3-1.7 foizga, mintaqa bo’yicha esa 2.5 foizga o’sishi mumkin.

Anjuman ishtirokchilariga ko’ra, mintadagi hamkorlik tabiiy ofatlarning ham oldini olish uchun qo’l kelishi mumkin, biroq Markaziy Osiyo davlatlari zilzila, SPID va tuberkulyoz, suv to’g’onlarining yorilish ehtimoli kabi tahdidlarning oldini olish yoki ularni bartaraf qilish uchun umumiy dastur ishlab chiqmaganlar.

Global Taraqqiyot Markazi vitse-prezidenti Denis de Treyning aytishicha, mintaqaviy integratsiya yo’lidagi muammolardan yana biri Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining bir-biriga nisbatan ishonchsizligidir. O’zbekistonni misol qilib keltirar ekan, janob de Trey O’zbekiston hukumatining qo’shni davlatlarga nisbatan shubhali munosabatini va so’nggi bir yil ichida esa G’arb davlatlari va tashkilotlariga nisbatan g’arazini alohida ta’kidlaydi.

Biroq anjumanda ishtirok etgan O’zbekistonning AQShdagi elchisi Abdulaziz Komilov nazarida, o’zaro do’stona va ishonchli aloqalarning rivojlanishi uchun vaqt kerak. Yevropadagi integratsion jarayonni misol qilarkan, O’zbekiston elchisi uning amalga oshishi uchun 50 yil vaqt ketganini esga soladi.

Anjumanda Afg’onistonni ham Markaziy Osiyodagi integratsion jarayonlarga qo’shish ehtiyojining tabiiy hol ekani haqida gapirildi. Chunki mintaqa davlatlarining o’z mahsulotlarini dengizga olib chiqishning eng yaqin va qulay yo’li Afg’oniston orqali yotadi. Bundan tashqari Afg’oniston Tojikiston va Qirg’izistonda ishlab chiqariladigan elektr energiyaga katta ehtiyoj sezadi.

Anjumanda so’zga chiqqanlar mintaqada hamkorlik davlat rahbarlarining siyosiy irodasisiz amalga oshmaydi deya ta’kidladilar. Integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan qator regional tashkilotlarning tuzilishiga va yuzlab hujjatlarning imzolanishiga qaramay, samarali natijaga erishish uchun har bir davlat rahbariyati ularning amalga oshishini qattiq nazorat ostiga olishi zarur.

Jahon Banki sobiq vitse prezidenti, ayni damda Brukingz Instituti xodimi Yoxannes Linn nazarida, bu kabi siyosatning mintaqa uchun o’ziga yarasha foydasi bor.

Biz o’tkazgan tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, Markaziy Osiyoda hamkorlik kuchli rivojlangan taqdirda kelasi o’n yil ichida mintaqa yalpi ichki mahsuloti ikki baravarga oshadi. Ayniqsa kam daromadli va chegara hududlarida yashaydigan aholi buning ijobiy ta’sirini kuchli his qiladi.

Anjumanda Xitoy, Rossiya va Hindiston kabi mintaqaga yaqin joylashgan yirik davlatlarning Markaziy Osiyodagi integratsion jarayonlarga ijobiy ta’sir ko’rsata olishlari alohida ta’kidlandi.

Anjumandagi chiqishlar BMT Taraqqiyot Dasturining o’tgan yil dekabr oyida chiqargan maxsus hisoboti asosida taqdim etildi. 268 sahifali hisobotda o’nlab mutaxassislar Markaziy Osiyodagi iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatni tahlil qilganlar va mintaqada integratsiya va hamkorlik amalga oshmagan taqdirda Markaziy Osiyoni iqtisodiy tushkunlik kutmoqda deb xulosa qilingan. Hisobot mutaxassislar hisoblariga tayangan holda mintaqa davlatlari o’rtasidagi hamkorlik siyosiy va iqtisodiy rivojlanishga olib keladi hamda kelasi o’n yil ichida mintaqa aholisining daromadini 50 foizdan yuz foizgacha oshiradi, deb bashorat qiladi.

BMT Taraqqiyot Dasturining o’tgan yilgi hisobotiga o’z hissasini qo’shgan qirg’izistonlik olim Anora Tabishaliyevaning aytishicha, odamlarning harakatlanish erkinligi Sovet Ittifoqi davrida bugungidan ko’ra ko’proq bo’lgan va ayni damda mintaqadagi chegara rayonlari qora bozor zonalariga aylangan.

Qirg’izistonlik mutaxassisning fikricha, mintaqaviy hamkorlikning sustligiga eng katta sabab bu Markaziy Osiyo davlat rahbarlarida siyosiy irodaning yetishmasligi. Hukumatlar o’z xalqlarining ehtiyojlariga quloq solmaydilar. Bundan tashqari donor tashkilotlar va davlatlar ham o’tmishda qator kamchliklarga yo’l qo’yganlar. Ulardan asosiysi xalqaro tashkilotlarning mintaqada regional hamkorlikka qaratilgan dasturlarni rivojlantirmasdan, ularni har bir davlat doirasida alohida olib borganligidir.

Anjuman ishtirokchilari Markaziy Osiyo kelajagi, mintaqaviy hamkorlik va integratsiya yo’lidagi muammolar va imkoniyatlar, mintaqa hukumatlarining regional hamkorlikka nisbatan siyosatlari hamda qo’shni davlatlarning Markaziy Osiyoda hamkorlik yo’lidagi rollari haqida ma’ruza qilmoqdalar.

XS
SM
MD
LG