O'zbekistonda hind kinosiga qiziqish so'nmagan


O`zbekistonda hind kinosi haftaligi yakunlandi. Garchand respublikaning markaziy telekanallari orqali hind filmlari bot-bot namoyish etib turilsa-da, poytaxt Toshkent, Qoraqolpog’iston hamda viloyatlar kinoteatrlarida namoyish etilgan turli janrlardagi hind filmlarini tomoshabinlar iliq kutib oldilar.

O’zbek tomoshbinlarining hind kinolariga nisbatan ko’p yillik e’tibori sababi nimada? Gollivudning jangari, Yevropaning aqlli kinosiga nisbatan Bollivud mahsulotlari qaysi jihatlari bilan o’zbek tomoshabinini o’ziga jalb etmoqda?

Balki bu hol sababini muammolar girdobida yoki iqtisodiy nochorlikda qolgan kishi ruhiyatiga hind kinolariga o’xshash shirin ertak, dilbar kuy-qo’shiqlar-u ajoyib tabiat manzaralariga boy melodramalarning ijobiy ta’sir ko’rsatishidan izlash kerakdir. Zero inson hamisha orzuga intilib yashaydi. Hatto u ekranlarda bo’lsa ham.

Kuy-qo’shiq va raqslarga serob hind kinolari O’zbekistonda ommabop hisoblanadi. Ta’bir joiz bo’lsa, yetti yoshdan 70 yoshgacha bo’lganlar orasida hind kinosi muxlisi bisyor. Ko’zda yosh olib ko’riladigan hind filmlariga ehtiyojning kuchliligi sababini tomoshabinlarning o’zi mana bunday izohlashadi.

“Hind kinolarining asosan o’ziga rom qiladigan, o’ziga jalb qiladigan tarafi albatta uning ajoyib qo’shiqlari deb hisoblayman”.

“Hind kinolarining hamma yig’lab ko’rishlari va hind kinosi bo’ladi deyishsa, uch kun, to’rt kun oldin programmadan qarab kuzatishiga sabab, hayotiy joylarini yetkazib beradi, yuragiga deymizmi. Artistlarining lekin shu darajada mahorat bilan ijro etishiga tan ham beraman. Beixtiyor o’ziga jalb qilib, olib qo’yadi tomoshabinni”, - deb fikr bildirishadi ayrim tomoshabinlar.

Hind milliy kinomotografiyasiga mening munosabatim nihoyatda murakkab va ziddiyatli, deydi kinoshunos olim Hamidulla Akbarov.

“ … Chetrey, Mirnalh Sinx, Bxatachariya kabi rejissyorlar bor-ki, o’shalar haqiqatan realistik badiiy oqimning vakili sifatida durustgina filmlar ishlashyapti. Shu bilan birga bilamanki, ko’pchilik asarlar tomoshabinni tarbiyalash emas, uning didini pasayishiga ham sababchi bo’ladi. Va ashulalari ham ko’pincha raqs bilan bog’liqligini bilaman, lekin ko’pgina asarlarda bu raqs, bu ashula badiiy filmning to’qimasiga singib ketmaganday ko’rinadi. Ya’ni voqea rivoji to’xtab qoladi va biz film-konsertni ko’ra boshlaymiz”, - deydi kinoshunos olim.

Ba’zi tomoshabinlar so’nggi paytlarda o’zbek hamda hind kinochilari tomonidan birgalikda suratga olingan filmlar saviyasi yetarli darajada emasligini aytishmoqda. Hamidulla Akbarovning o’zbek va hind kino mutaxassislari tomonidan yaratilayotgan filmlar va muammolar xususidagi fikri esa mana bunday:

“Azaldan bu hamkorlik iplari mustahkamlanib keladi. Lekin bu nihoyatda murakkab, og’ir jarayon. Ikki seriyali “Muhabbat, muhabbat” deb atalgan filmni suratga oldik. Men u yerda muharrir sifatida qatnashdim. Undan oldin “Alibobo va 40 qaroqchi”, “Sevgi haqida doston” kabi filmlar ham yaratilgandi, hind-o’zbek filmlari. Biz oldin iqtisodiy jihatdan kelishib olamiz, do’stona aloqalar bo’lgani uchun ko’p muammolarning hal etilishi qiyin bo’lmaydi. Lekin ijodiy muammolar bo’lishi tabiiy. Man o’zim o’sha suratga olish maydonchasida ko’p bo’laman, ko’ramanki, hind ijro maktabi bilan o’zbek ijro maktabi orasida juda katta farq bor. Masalan, ular har bir so’zni jismoniy harakat bilan, qo’l harakati bilan, mimika bilan tasdiqlashga harakat qilishadi. Bizda esa, ijodiy maktabimiz shunday talab qiladi-ki, ichki to’lqinlar bo’lsin, qo’ling bilan yoki yuzing, imo-ishora bilan so’zingni tasdiqlashga harakat qilmagin, degan o’zimizning nazariyamiz bor”, - deb hisoblaydi H. Akbarov.

Keyingi yillarda G’arbning eng so’nggi texnikaviy vositalar yordamida suratga olingan jangari yoki erotik filmlari O’zbekiston kino va video prokatini egallab borayotir. Shunga qaramay, ommaning hind kinolariga bo’lgan talabi so’nmagan. Ba’zilarga ko’ra, hind kinolari do’stlikni, mehr-muhabbatu sadoqatni, mardlik va olijanoblikni targ’ib qilishi bilan ham ahamiyatli, hamda ularning yoshlar tarbiyasida o’ziga xos muhim o’rni mavjud.

XS
SM
MD
LG