Breaking News

Jahon Andijon qurbonlarini xotirlamoqda, Toshkentda esa jimjitlik


Andijon fojealarida qurbon bo’lganlar O’zbekistonda rasman xotirlanmadi.

Mahalliy inson huquqlari himoyachilarining 12-13 may kunlari davomida qurbonlarni xotirlash, javobgarlarni jazolashga qaratilgan harakatlari keskin bosimga uchragan.

BMT tomonidan ommaviy qirg’inga tenglashtirilgan Andijon fojeasiga hamon oydinlik kiritilmagan.

AQSh O’zbekistonni Andijon voqealari ustidan mustaqil xalqaro tergov o’tkazish uchun yo’l berishga chaqirdi.

“O’zbekiston”,- dedi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Shon Makkormak, “inson huquqlari bo’yicha xalqaro majburiyatlarini bajarmog’i lozim”. O’zbekiston hukumati nazarida 2005 yilning 12-13 mayida Andijon qozg’oloni va otishmalarda 187 kishi o’lgan, inson huquqlari faollarini esa aslida 700 ga yaqin kishi otib tashlangan deya taxmin qiladilar.

AQSh, Yevropa Ittifoqi va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti hamda BMT Karimov rahbariyatini mustaqil tergov uchun ruxsat berishga undab kelmoqda.

Qonli voqealarning bir yilligi oldidan AQShning ikki yirik qonunchisi, respublikachi senator Jon Makkeyn va kongressmen Kristofer Smit Markaziy Osiyoda inson huquqlarini qo’llab-quvvatlash yo’lida yangi qonun loyihasi taklif etayotganini bildirdi.

“Prezident Karimov tarix va kelajak avlod Andijonda yuzlab odam qirib tashlanganini unutadi, deb xato qilyapti”,- deydi kongressmen Smit.

O’zbekiston hukumati voqea ustidan o’z tekshiruvini o’tkazgan va sudda aybdor deb topilgan kishilarga kerakli jazo berilgani qayd etiladi.

AQSh hukumati nazarida esa bir tomonlama tergov bilan haqiqat qaror topmaydi va Andijonda aslida nima bo’lganini aniqlash va bilish nafaqat O’zbekiston hukumatining balki dunyo hamjamiyatining ham insoniy burchi ham huquqidir.

“Rossiya, O`zbekiston paxtasi qonga botgan”. Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasi oldida to’plangan namoyishchilar shunday chaqiriq bilan chiqdilar.

Piket O`zbekiston va Rossiya prezidentlarining 12 maydagi Sochi uchrashuvlaridan so`ng o`tdi. Norozilik aksiyasi Rossiya hukumatining O`zbekiston bilan aloqlarini, xususan Andijon fojealaridan keyingi aloqalarni tanqidga ostiga oladi.

Inson huqulari himoyachilarining plakatida “Rossiya O`zbekistonning paxtasi qonga botgan” degan yozuvlar bor.

Piket ishtirokchilaridan biri inson huquqlari foli Abdulla Tojiboy o`gli plakatdagi yozuvlar Andijondagi qirg`inlarni ko`rsatish va bu bilan O`zbekistonni qo`llayotgan Rossiyani ogohlantirish maqsadida bitilganini ta`kidlaydi.

Paxta savdosi O`zbekiston va Rossiya iqtisodiy aloqlarida muhum o`rin egallashiga urg`u beriladi.

Rossiya elchixonasi oldidagi piket bir soatlarga yaqin davom etgan. Shundan so`ng norozilik aksiyasi qatnashchilari zo`rlik bilan elchixona binosi yonidan olib ketilgan.

Piket tashkilotchisi Shoira Sodiqboyevaga ko`ra, piket zo`rlik bilan tarqatilganidan so`ng, yo`lda ularning mashinasini noma`lum kishilar to`xtatgan, tayziq ko`rsatishgan, va Volkov ismli inson huquqlari faoli bedarak yo'qolgan. Hozirda uning qayerdaligi noma`lum.

Inson huquqlari faollariga ko`ra, ayni kunlarda bir guruh inson huquqlari himoyachilari uy qamog`iga solingan, ularga nisbatan zo`rovonlik ko`rsatilmoqda.

Qirg’iziston janubida, Qorasuv shahrida ham Andijon qurbonlari xotirasiga bagishlangan siyosiy aktsiya bo’lib o’tgan.

Aktsiya Qirg’iziston-O’zbekiston chegarasidagi Shaxrixonsoyga yaqin joyda o’tdi.

Qochqinlardan biri, muxolifatchi Abdujalil Rustamovning aytishicha, aktsiya o’tkazish uchun chegaraga yaqin joy maxsus tanlangan.

“Andijondan ko’plab bozorchilar keladi, shular ko’rsin, Andijon voqeasini unutmasin deb chiqdik. Andijon qurbonlarini eslash, yilligini nishonlash uchun chiqdik”, – dedi Abdujalil Rustamov.

Qorasuv shahrining Qirg’iziston qismida yirik ulgurji bozor joylashgan, Shaxrixonsoy ko’prigi orqali har kuni minglab o’zbekistonlik savdogarlar tijorat qilish uchun bozorga keladi.

Bugun ertalab bozorda har joy-har joyga yopishtirilgan “O’zbekistonliklar, kelajaging buyuk bo’lishi uchun Andijonni unutma!”, “Tirikchilikka o’ralashib qolib, 13 mayni esdan chiqarma!”, “O’zbekistonliklar, yeyish uchun yashama! Yashash uchun ye!” kabi shiorlarni o’qish mumkin edi.

Bugun, shuningdek, Bishkek shahrida ham huquq himoyachilari ishtirokida Andijon fojealarining bir yilligiga bag’ishlangan davra suhbati o’tkazildi.

XS
SM
MD
LG