Breaking News

O'zbekiston Jahon Shaxmat Olimpiadasida yaxshi natija ko'rsatmoqda


Italiyaning Turin shahrida 37-Jahon Shaxmat Olimpiadasi bo’lib o’tmoqda. Unda O’zbekiston erkaklar terma jamoasi yaxshi natijalar ko’rsatmoqda. Beshinchi turdan so’ng jahon chempioni Rustam Qosimjonov sardorligi ostidagi jamoa 14,5 ochko bilan Rossiya, Armaniston va Niderlandiya jamoalaridan so’ng 4-o’rinda ketmoqda.

Payshanba kuni o'tgan 5-tur musobaqalarida O’zbekiston Niderlandiya bilan durang o’ynadi - 2-2. Qosimjonov o’z partiyasini g’alaba bilan yakunlagan bo’lsa, Timur Gareyev raqibiga yutqazib qo’ydi. O’zbekiston terma jamoasining yana ikki vakili Saidali Yo’ldoshev va Sergey Qayumovlar partiyalarini durang bilan yakunladilar.

O’zbekiston shu paytgacha Yamayka (3,5-0,5), Italiyaning uchunchi jamoasi (3,5-0,5) va Avstraliyani (3,5-0,5) mag’lub etgan va Ukraina jamoasi bilan (2-2) durang o’ynagan.

Oltinchi turda o’zbekistonlik shaxmatchilar kuchli Armaniston jamoasiga qarshi donalar suradi. Olimpiada 4 iyunga qadar davom etadi.

XS
SM
MD
LG