Breaking News

Isroil harbiylari xalqaro kuchlar kelmaguncha Livanda qolmoqchi


Isroil armiyasi Livanda Hizbulloh guruhining besh jangarisini qo’lga olganini ma’lum qilmoqda. Xabarlarga ko’ra, guruh Isroilga qarata 160 dan ortiq raketa otgan.

Isroil bosh vaziri Livan janubida xalqaro tinchlikparvar kuchlar joylashtirilmaguncha, hujumlarni davom ettiramiz derkan, AQSh rahbari koalitsiya qo’shinlarini yig’ayapmiz deb ta’kidlamoqda.

Fransiyaning bayon qilishicha, Isroil-Hizbulloh orasidagi janglar to’xtamas ekan, xalqaro koalitsiya tuzish haqida gapirishga hali erta. Avvaliga uzoq muddatli sulh tuzish kerak, deyishmoqda Fransiya diplomatlari.

Eron oliy rahbari Oyatullo Ali Xomenei esa Hizbullohni Isroilga qarshi mardona jang qilayotganlikda olqishlab, Yaqin Sharqni Isroil, AQSh va Britaniyaga qarshi birlashishga chaqirmoqda.

Quddusdagi muxbirimiz Jim Tiplning xabar berishicha, Isroil 25 ming sonli piyoda askarini xalqaro kuchlar yetib kelmaguncha Livanda saqlab turmoqchi. Isroil Bosh vaziri Yaxud Olmertning ta’kidlashicha, mamlakat armiyasi Hizbullohni Livan janubidan siqib chiqarish harakatida.

AQSh rasmiylariga ko’ra, Livanga xalqaro kuchlarni jo’natish masalasi BMT Xavfsizlik Kengashida yaqin kunlarda muhokama qilinadi. Xunrezlikni to’xtatish bo’yicha diplomatik harakatlar avjida, ammo AQSh Isroilning Livanga hujumi haqida aniq pozitsiyasini bildirganicha yo’q.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Shon Makkormakning aytishicha, AQShning Isroilga harbiy dars berish niyati yo’q. Ammo, deydi u, Isroildan tinch aholini va Livan infratuzilmasini ayash so’ralgan.

AQSh rasmiylari bilan uchrashgan Isroil Bosh vaziri muovini Shimon Peres fikricha, Livanga xalqaro kuchlar kiritilib, Hizbullohning harbiy salohiyati yo’q qilingan taqdirda, zo’ravonlikni bir necha hafta ichida to’xtatish mumkin.

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari bugun Bryusselda favqulodda yig’ilib, Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatishga chaqirdilar. Finlyandiya Tashqi ishlar vaziri Erkki Tuomiyoya, eng asosiysi otishmalarni to’xtatish, tinch aholini himoya qilish, deb ta’kidladi.

3 avgust kuni Malayziyada Islom Konferensiyasi Tashkiloti ham favqulodda yig’ilish o’tkazib, Birlashgan Millatlar Tashkilotidan Livandagi janglarni to’xtatishni talab qilmoqchi.

Malayziya Tashqi ishlar vaziri Said Hamid Albarga ko’ra, Yaqin Sharq muammosini yechishda nafaqat mintaqa davlatlari, balki ushbu tashkilot a’zolari ham faol qatnashishi lozim.

Misr prezidenti rafiqasi Suzan Muborak ham kutilmaganda siyosiy bayonot qilib, mojaroning butun mintaqaga tarqalishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

“Xalqaro hamjamiyat Livandagi muhim infratuzilmalar ommaviy jazoga o’xshash harbiy amaliyotlarda vayron bo’lib ketayotganiga qanday chidab o’tiribdi?” - deb so’raydi Muborak xonim.

XS
SM
MD
LG