Ta'lim va Taraqqiyot bo'yicha Hamkorlik tashkiloti yopildi


O`zbekistonda AQShga qarashli Ta`lim va Taraqqiyot bo’yicha Hamkorlik tashkiloti (Partnership for Academics and Development) yopilgan.

Bu nohukumat tashkiloti O’zbekistonda 1999 yildan, Afg’onistonda esa 2002 yildan beri ishlab keladi. Asosan biznes, jurnalistika, ruhiy salomatlik kabi sohalarda mutaxassislar tayyorlash va qishloq hayotini rivojlantirishda yordam berish bilan mashg’ul.

Toshkent shahar fuqarolik sudi tashkilot faoliyatini tugatish haqida qaror chiqargan. O`zbekiston Adliya vazirligi tashkilot vakillarini missionerlikda ayblagan, fuqarolik sudi esa bu aybnomani tasdiqlagan.

Adliya vazirligi vakilining matbuotda bergan ma`lumotiga ko`ra, xalqaro tashkilot vakillari mahalliy aholi orasida o`z dinini o`zgartirib, nasroniylikni protestantlik ko`rinishiga o`tishni targ`ib qilgan, litsenziyaga ega bo`lmasdan internet xizmati ko`rsatgan.

Hozirgacha nizomdan tashqari faoliyat yuritish e`tirozidan tashqari aynan missionerlik faoliyatini yuritish aybi bilan bir necha xalqaro tashkilotlar tugatildi.

Nasroniy mazhabidagi bir dindorga ko`ra, O`zbekiston Qomusida belgilangan e'tiqod erkinligi keskin poymol qilinmoqda. Hukumat ta`qibi nasroniylikning turli ko`rinishidagi dindorlarga nisbatan ham boshlangan.

Kuzatuvchilarga ko`ra, uzoq yillardan buyon O`zbekistonda faoliyat yuritib kelayotgan bu tashkilotlarni yopish harakati, ularning missionerlik faoliyatini yuritishi emas, balki Andijon fojialari uchun O`zbekiston hukumatining AQSh tomonidan tanqidga olinishi, munosabatlarning keskinlashishi bilan bo'gliq.

XS
SM
MD
LG