Breaking News

AQSh: "Qozog'iston boyliklaridan xalq manfaatlari uchun foydalansin"


AQSh Davlat kotibi yordamchisi Evan Figenbomning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Markaziy Osiyoda demokratik, barqaror va farovon davlatlar taraqqiyotini qo’llab-quvvatlash va ularni yangi iqtisodiy imkoniyatlarni qidirishga rag’batlantirish tarafdori.

"Qozog’iston va qo’shnilari yangi iqtisodiy imkoniyatlardan to’la foydalanishlari zarur,” deydi janob Figenbom. “Buning uchun Markaziy Osiyo hukumatlari va xalqlari yaxlit mintaqa sifatida fikrlashlari va harakat qilishlari muhim."

Mintaqada iqtisodiy o’sish qisman energetik resurslarning samarali taraqqiyoti va taqsimlanishiga bog’liq, deydi AQSh rasmiysi. Shuning uchun ham Qo’shma Shtatlar Markaziy Osiyo davlatlarini o’z neft va gazlarini eksport qilishda muqobillikka ega bo’lishlari uchun turli yo’nalishdagi quvurlar qurishga undab kelgan. Qozog’istondan Qora dengizning Rossiya qismiga va Ozarbayjondan Tbilisi orqali Turkiyaga quvurlarni uzatishda AQSh kompaniyalari katta rol o’ynagan.

3-4 yil ichida Qashag’onda neftni ishlab chiqarish jarayoni boshlangach, Qozog’iston neft savdosidan katta daromad ko’ra boshlashi mumkin. “Biroq qo’lga kiritilgan boylikni boshqara bilish kerak,” deydi Evan Figenbom. “Undan mamlakatning barcha fuqarolari birdek bahramand bo’lishlari zarur.”

Mamlakat boyligini adolatli ravishda boshqarish uchun siyosiy va iqtisodiy islohotlar o’tkazish kerak. Demokratik institutlarning paydo bo’lishi barqarorlik uchun va 2013 yilda prezidentlik muhlati tugayotgan Nursulton Nazarboyevning o’z vakolatlarini qonun doirasida topshirishi uchun muhim omildir.

Qonun ustuvorligi chet-el sarmoyalarini himoyalash uchun ham kerak. Janob Figenbomning aytishicha, hech bir kompaniya qonun ustuvorligi oqsayotgan, shartnomalar bajarilmayotgan va munozara yuzaga kelgan paytda adolatli adliya tizimiga ega bo’lmagan mamlakatga sarmoya olib kirmaydi.

Qachonki Qozog’istonda barqaror demokratik tizim bo’lib, xalq shu tizimdan kelajakda bahramand bo’lsa, o’shandagina Qozog’iston muvaffaqiyati kafolatlangan bo’ladi, deydi AQSh Davlat kotibi yordamchisi Evan Figenbom. Uning bildirishicha, Qozog’iston rahbariyati respublikaning kelasi o’n yillikda eng rivojlangan 50 davlat qatoriga kirishiga imkoniyat beruvchi iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotning siyosiy islohotlar davomiyligiga bog’liqligini yaxshi anglab yetgan."

XS
SM
MD
LG