Turkmanistonda siyosiy o'zgarishlarga imkoniyat yaratildi


Prezident Saparmurod Niyozov Turkmaniston parlamenti tomonidan 1999 yili umrbod prezidentlikka tayinlangan edi. Uning o’limidan so’ng hokimiyat tepasiga kim kelishi hozircha noaniq.

Uning Rossiya fuqaroligiga ega o’g’li Murod Niyozov hech qachon siyosat bilan shug’ullanmagan va xabarlarga ko’ra, otasi bilan yaqin bo’lmagan.

Mamlakat muvaqqat prezidenti etib Bosh vazir o’rinbosari, Sog’liqni saqlash vaziri Qurbonguli Berdimuhammedov hukumat tomonidan tayinlandi.

Turkmaniston qonunchiligi bo’yicha vaqtinchalik prezidentlik parlament raisi, ya’ni Avazgeldi Otayevga topshirilishi kerak edi, biroq unga qarshi tergov ishi ochilgani sabab, u bunday imkoniyatdan mahrum bo’ldi.

Davlat xavfsizlik kengashi 26 dekabrga Xalq Kengashining favqulodda majlisini belgiladi. Respublikaning yuqori lavozimli rahbarlaridan tashkil topgan Xalq Kengashi prezident saylovlarini belgilash va nomzodlarni tasdiqlash vakolatiga ega.

Niyozov o’limidan so'ng Turkmanistonni nima kutmoqda? Mamlakatda siyosiy islohotlar o’tkazilib, fuqarolarga kengroq erkinliklar beriladimi? Bu jahon bo’ylab tahlilchilar va siyosatchilarning shu kunlarda e’tibor markazidagi bosh mavzulardan bo’ladi.

Turkmanboshining kutilmagan o’limi barchani, hattoki Turkmaniston rasmiylarini ham sarosimaga solgan bo’lsa ajab emas.

Mamlakatni qattiqqo’l siyosat bilan boshqargan, so’z va matbuot erkinligi hamda muxolifat faoliyatiga chek qo’ygan, jahonning eng johil diktatorlaridan biri etib e’tirof etilgan, mamlakat boyligini xalq farovonligi uchun emas, hashamatli saroylaru o’ziga oltin haykallar qurdirish uchun sarflagan Niyozovning o’limi mamlakatda katta siyosiy o’zgarishlar uchun imkoniyat yaratishi mumkin.

Respublikada ushbu imkoniyatdan foydalaniladimi-yo’qmi, vaqt ko’rsatadi va bunga rahbarlarning xohishi, ayrim davlatlarning yangi rahbariyatga o’z ta’sirini o’tkaza bilishi va qator boshqa omillar sabab bo’ladi. Jahondagi eng yirik gaz zahiralariga ega davlatlardan biridagi siyosiy jarayonlar jahon diqqat markazida bo’lishi turgan gap.

Turkmanistonning chet-eldagi muxolifati vakillaridan biri Farhod Iqlimov fikricha, muxolifat rahbarlari darhol mamlakatga qaytishlari kerak. Biroq Turkmaniston Bosh va’zirining sobiq muovini, Neft va gaz vaziri bo’lgan, ayni damda Rossiyada surgunda yashayotgan Nazar Suyunovning aytishicha, G’arbiy Yevropa va Skandinav davlatlarida yashayotgan muxolifat rahbarlari mamlakatdagi vaziyatni keskinlashtirmaslik uchun Turkmanistonga qaytishga shoshmasliklari kerak.

Muxolifat yangi saylovlar e’lon qilinishini kutib, xavfsizlik kafolatlari berilgandagina respublikaga qaytib, saylovlarda ishtirok etishi maqsadga muvofiq bo’lar edi, deydi Nazar Suyunov.

Tahlilchilar Turkmanistonda hokimiyat uchun kurash bir necha guruh o’rtasida kechishini va bu guruhlar orqasida ba’zi mamlakatlar manfaatlari yotishini ta’kidlamoqda. Ularga Rossiya, Eron va AQSh siyosatini yoqlagan, biroq aniq bir shaklga ega bo’lmagan guruhlar kiradi. Va gaz bu kurash zaminidagi omil bo’ladi, deydi kuzatuvchilar.

AQShning Ashgabatagi elchixonasi Niyozov vafoti yuzasidan hamdardlik bildirar ekan, hokimiyatga yangi rahbar tinch va konstitutsion yo’l bilan keladi, deya umidda.

Bosh vazir o’rinbosari, Sog’liqni saqlash vazirligi Qurbonguli Berdimuhammedov muvaqqat prezident etib tayinlanishiga qaramay, mamlakat konstitutsiyasiga ko’ra, muvaqqat prezident saylovlarda qatnasha olmaydi.

Yevropa Ittifoqi Niyozovning o’limi munosabati bilan Yevropaga gaz ta’minoti to’xtatilmaydi, deya umid bildirdi. Yevropa Ittifoqiga turkman gazi Rossiya orqali keladi - uni avval Rossiya bir narxda sotib olib, Yevropaga balandroq narxda sotadi. Rossiya Turkmanistonda siyosat o’zgarmaydi va Niyozovdan keyingi prezident uni davom ettiradi, deb umid qilmoqda.

Kuzatuvchilar Niyozov o’limidan so’ng siyosiy muhit yumshashi va ko’plab siyosiy mahbuslar ozod etilishini bashorat qilmoqda.

Ayni damda mamlakat kelajagi bo’yicha biron-narsani aniq aytish qiyin. Hozir hamma faqat umid qilmoqda, chunki Niyozov o’zidan keyin na voris va na aniq bir ko’rinishga ega siyosiy elitani qoldirdi.

Lenin-Partiya, Partiya-Lenin deganlaridek, Turkmanistonda siyosat va hokimiyat faqat Turkmanboshi nomi bilan bog’liq edi. Biroq shu narsani hozir aniq aytish mumkinki, mamlakat katta o’zgarishlar bo’sag’asida turibdi.

XS
SM
MD
LG