Breaking News

Rumiy yili nishonlanmoqda, qadim falsafaga qadr oshmoqda


Bu yili faylasuf, mutasavvuf shoir Jaloliddin Rumiy tavalludiga 800 yil to’ldi.

2007 yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro Mavlono Jaloliddin Rumiy yili deb e’lon qilingan.

Rumiy nomli xalqaro tashkilot dunyo barqarorligi va mıllatlar-aro muloqot yo’lida xizmat ko’rsatgan kishilarni maxsus mukofot bılan taqdirlamoqda.

Jahon mutafakkirlari bashariyat shoiri deb tasnif etgan, Mavlaviya tariqati asoschisi Jaloliddin Rumiy 1207 yili Xurosonda, Afg’onistonning hozirgi Balh viloyatida dunyoga kelgan. Mo’g’ullar istilosi ketidan, otasi bilan vatanni tark etib, Turkiyaning qadim Ko’nyo shahriga ko’chib yashagan.

Xalab, Damashq va Bag’doddagi mashhur madrasalarda ta’lim olgan va mudarrislik qilgan Jaloliddin Rumiyning falsafasi shu ediki – dinidan qat’iy nazar bashariyat bir. Mutasavuff shoirning “Devoni kabir”, “Makotib”, “Masnaviy-i ma’naviy” kitoblarida inson qalbi, ruhiyati va ma’naviy kuchi tadqiq qilingan. Rumiy ijodi sharq she’riyatining yuksak cho’qqisi hisoblanadi.

Vashingtonda asoslangan “Rumiy Forumi” nomli xalqaro tashkilot Mavlono Rumiyning “Kel, kim bo’lishingdan qat’iy nazar, kel” degan chaqirig’ini o’z shiori deb belgilagan. Tashkilot dinlar va madaniyatlar-aro totuvlik, o’zgaga hurmat asosida muloqot va xalqaro tinchlikni targ’ib qiladi, deydi Rumiy Forumi so’zlovchisi Jena Lyudke:

"Rumiy Forumi muloqot, totuvlik, birdamlik va bag’rikenglikka chaqirayotgan, bu tushunchalarni yoyishga bel bog’lagan insonlar va tashkilotlarni qadrlaydi. Bugungi tadbirda ularni taqdirlayapmiz. Jamiyatlar, xalqlar orasidagi madaniy va ma’naviy tafovutlarni yengishda ularning ishi juda muhim," -deydi Lyudke xonim.

Rumiy Tashkiloti bu yili dunyo barqarorligi va mıllatlar-aro muloqot yo’lida xizmat ko’rsatgan to’qqiz kishini mukofotladi. Ular orasida Turkiya Bosh vaziri Rajap Toyip Erdog’an, Ispaniya Bosh vaziri Xose Luis Rodrigez Zapatero, dinshunos olimlar va jurnalistlar bor.

Rumiy Forumi maqsadlaridan biri diniy qarashlar xilma-xil dunyoda muloqot minbari bo’lib xizmat qilishdir, toki muayyan din vakillari boshqa dinlarni ham o’rgansin, bu jarayonda bir-birini chuqurroq tushunsin, o’zaro ishonch paydo bo’lib, muammolarni birga yechsin. Xususan arab-yahudiy mojarosi - Isroil-Falastin o’rtasidagi uzoq yillik kelishmovchilik. Jahon E’tiqod, Diplomatiya va Tinchlik markazi rahbari Mark Gopin nazarida:

"Yaqin Sharqda kechayotgan tinchlik muzokaralari odamlarning haqiqiy ehtiyojini qondirmayapti, ularning yuragiga yetib bormayapti. Muzokara quruq gaplar bilan cheklanib qolyapti. Dinlar-aro munosabat kerak. Chunki yechim uchun oddiy muzokara va diplomatiyaning o’zi yetmaydi, - deydi professor."

Sharqda “enson-e komil” deb ta’riflangan Jaloliddion Rumiy 1273 yilda vafot etgach, uning izdoshlari Mavlaviya Sufiy tariqatiga asos solgan. Ilohiy musiqa jo’rligida ijro etiladigan samo raqsi – darvishlarning tasavvuf dunyosiga sayohati, kishi ruhining komillikka talpinishi demakdir. Aylanma raqs orqali darvishlar ramziy ma’noda haqiqat bilan yuzlashadi, muhabbat orqali ruhan o’sadi, nafsoniyat va xudbinlikni tark etib, komillikka erishadi.

Mavlono Rumiy ta’limoti, deydi dinshunoslar, insonlarni ichki uyg’unlik sari yetaklaydi, nafrat hissidan xoli etib, mehr-muhabbat va birdamlikka chorlaydi. Rumiy yozganidek:

Agar o'lsam, meni aslo qaro tuproqdan axtarmang,

Yasharmen ahli orif ko’nglini mangu makon aylab...

XS
SM
MD
LG