Breaking News

Prezident Bush Yaqin Sharqqa safarini yakunladi


Prezident Jorj Bush Yaqin Sharqqa safarini yakunlar ekan, uning fikricha mintaqa davlatlari Isroil va Falastinga yordam berishga tayyor.

AQSh rahbari yil oxiriga qadar tinchlik bitimi imzolanadi degan umidda. Lekin jarayonni arab davlatlari ham qo’llab-quvvatlashi muhim, deydi Bush.

Bush bugun Sharm Al Shayx dam olish maskanida Misr prezidenti Husni Muborak bilan uchrashgan. Misr arab dunyosida Isroilni tan oladigan kam sonli davlatlardan biri.

Isroil-Falastin o’rtasida davomiy tinchlik bitimi imzolanishini qo’llab-quvvatlayman, deydi Misr rahbari.

Uchrashuvda Livandagi vaziyat ham muhokama qilingan. Suriya va Eron, deydi Bush, Livanning ichki siyosatiga aralashuvini bas qilishi lozim.

Livanda yangi hukumat tarkibi yuzasidan kelishmovchiliklar bois haligacha yangi prezident tayinlangani yo’q.

Bush fikricha, Iroq siyosiy sahnasida oz bo’lsa-da ijobiy o’zgarishlar kuzatilmoqda. Yaqinda Saddam Husaynning Baas partiyasi a’zolariga hukumatdan joy berish haqida qonun qabul qilingan.

Saudiya Arabistoniga safari chog’ida esa AQSh prezidenti neft eksport qiluvchi davlatlardan ishlab chiqarishni oshirishni so’ragan.

XS
SM
MD
LG