Breaking News

Iroqlik qochqinlar katta muammoga aylangan


Ayrim tahlilchilar nazarida Iroqda zo’ravonlik sur’ati pasayganiga qaramay vaziyat og’irligicha qolmoqda. Ayniqsa o’z uyini tashlab chiqib Iroqning boshqa joylaridan boshpana topgan ikki yarim millionga yaqin aholi uchun. Mamlakatni tark etgan iroqlik qochqinlarni ham hisobdan chiqarmaslik kerak.

Iroq Qizil Yarim Oy Jamiyati hisobiga ko’ra, o’tgan yil oktyabr oyida mamlakatga 100 mingdan ziyod qochqin qaytgan bo’lsa, dekabr oyida bu raqam uch mingga tushgan. Biroq raqamlar aniq bo’lmasligi mumkin, chunki qochqinlar qaytgani haqida rasmiylarga xabar bermaydi. BMT hisobiga ko’ra, yanvar oyida qo’shni Suriyadan har kuni 700 ga yaqin iroqlik vataniga qaytgan. Biroq shu bilan birga 1,200 ga yaqin iroqlik uni tark etgan.

Rasmiy Bag’dod fikricha mamlakatni tark etayotganlar soni qaytayotganlar sonidan yuqori bo’lishi mumkin emas, chunki Suriya ba’zi viza cheklovlarini joriy etgan. Suriyada bir yarim millionga yaqin qochqin bo’lsa, jahon bo’ylab ularning soni to’rt milliondan ziyod.

Vashingtondagi Migratsiya bo’yicha siyosat instituti xodimi Ketlin Nyulandning aytishicha, Iroqda xavfsizlik yaxshilanayotganiga qaramay qochqinlar vataniga qaytishga shoshmayapti.

"Ular Iroqqa qaytgan qochqinlardan mamlakatda vaziyat og’ir ekanidan xabar topadi. Qaytayotganlarning 70 foizi uylarida boshqa odamlar yashayotganiga guvoh bo’ladi," deydi mutaxassis.

BMT so’rovlariga ko’ra, aksariyat iroqliklar puli tugagach vataniga qaytishga majbur bo’lyapti. Biroq qaytgandan so’ng mahallalari mazhabiy alomatlarga ko’ra bo’linganini ko’rmoqda.

Xalqaro migratsiya tashkiloti xodimi Dana Graberladekning aytishicha, bir paytlar turli din va millat vakillari yashagan mahallalarda endilikda bir millat, bir mazhab vakillari istiqomat qilmoqda.

"Boshqalar esa haydab chiqarilgan. Odamlar o’z uylariga xavfsizlik sabab qayta olmaydi."

Iroq Migratsiya vazirligi qaytayotgan qochqinlarga yordam sifatida bir mingga yaqin dollardan bermoqda.

Biroq mutaxassis Ketlin Nyulandning aytishicha, Iroq hukumati qochqinlarning katta sonda qaytishidan xavotirda, chunki ular uyiga boshqa odamlar kirganini ko’rib, zo’ravonlikka qo’l urishi mumkin.

Yana bir mutaxassis Dana Graberladekning aytishicha esa, uyidan ayrilgan qochqinlar bo’sh qolgan binolarda yoki ko’chada korobkalar ichida boshpana topmoqda.

"Odamlar xavfli vaziyat va ishsizlikka qaytmoqda. Tibbiyot xodimlari mamlakatni tark etgach, tibbiy yordam yetishmaydi. Kasalxonalarda dori va jihozlar yo’q."

Texasdagi universitet siyosatshunosi Jeyms Xollifildning aytishicha, Qo’shma Shtatlar va xalqaro hamjamiyat qochqinlarga zudlik bilan yordam berishi zarur.

"Agar Qo’shma Shtatlar Iroqqa yordam bermasa, Vyetnamga o’xshash vaziyat kelib chiqadi. Ayb hissi AQSh ma’muriyatini mamlakat eshiklarini millionlab iroqliklarga ochib berishga olib kelishi mumkin," deydi Xollifild.

Vaziyat o’z holiga tashlab qo’yilsa, qochqinlar muammosi nafaqat Iroq, balki mintaqani beqarorlashtirishi va AQSh tashqi siyosatiga zarar keltirishi mumkin, deydi amerikalik siyosatshunos.

XS
SM
MD
LG