Vladimir Putin: "Hokimiyatda qolishni xumor qilmayman"


Rossiya prezidenti saylovlariga sanoqli kunlar qolmoqda. Amaldagi prezident Vladimir Putin uchinchi muddatga qolish haqidagi takliflarga qaramasdan konstitutsiyani buzmoqchi emas.

Tahlilchilar fikriga ko`ra, aksilkonstitutsiyaviy saylovlarni va avtoritar rahbarlarni yoqlab kelgan Putin Rossiyaning o`zida demokratik boshqaruv joriy etilganini ko`rsatmoqchi.

MDH miqyosida konstitutsiyada belgilanganidek prezidentlik muddatiga amal qilgan yetakchilar kamchilikni tashkil etadi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari misolida.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning uchinchi muddatga nomzod bo`lishi haqidagi taklif ham asosan Qozog`iston va O`zbekiston prezidentlari tomonidan bildirilgan.

Vladimir Putin o`tgan hafta Kremlda jurnalistlar bilan o`tkazgan matbuot anjumanida bu boradagi savolga javob berar ekan, avval boshidanoq konstitutsiyaga sodiq qolish qarorida bo`lganini bildirdi.

“Odatda, odam turli narsaga xumor qiladi… kimdir tamakiga, kimdir narkotikka, kimdir pulga… Bulardan eng ashaddiysi bu – hokimiyatga o’ch bo’lish. Men hech qachon buni his etmaganman”, - dedi Vladimir Putin.

Rossiya prezidentiga ko`ra, bir kun amalga minib keyin to qabrga kirguncha bu amaldan voz kechmaslik, noma`qul ish.

Qozog`iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Rossiyaga tashrifi davomida Dumada chiqish qilib, Putinni uchinchi bor saylash taklifi bilan chiqqan edi.

Yaqin orada O`zbekiston prezidenti ham Rossiyaga borib, Vladimir Putin uchinchi muddat prezident bo`lishi tarafdori ekanini, buni avval ham taklif qilganini ta`kidladi.

Aytish joizki bu taklif bilan chiqqan Qozog’iston va O`zbekiston prezidentlarining o’zi uchinchi muddatga saylandi.

Qozog`istonda konstitutsiyaga o`zgartirish kirtilgan bo`lsa, O`zbekistonda Islom Karimovning uchinchi muddati yuzasidan hech qanday qonuniy izoh berilmadi.

Tahlilchilarga ko`ra, bu harakat bilan har ikkala rahbar o’z qarorini oqlamoqchi bo’lgan. Sharhlovchi Akbar Aliyev boshqa davlat prezidentlari tomonidan Putinga bunday taklif bildirilishi o`rinsiz, deydi.

“Bu boshqa mamlakatning ichki ishiga aralashishdek qo`pol xato. Endi Karimov borib shuni aytgan ekan, buni sababi go`yo O`zbekiston bilan Rossiay eski bir oila, uchinchi marta noqonuniy o`tirganini og`alari kelib, saylovni kuzatganlarning ko’pchiligi Rossiyadan edi, tasdiqlab ketdi. O`zining obro’sini Rossiya orqali mustahkamlash uchun aytilgan gap, biz uchun katta sharmandalik”, - deydi sharhlovchi.

Akbar Aliyevga ko`ra, Putinning bu boradagi javoblari, jumladan muddati tugagandan so`ng ketishi, uni bir qadar avtoritarizmdan xoli etadi. Biroq Putin boshqaruvi davrida avtoritarizm kuchaygan va qo`llangan, jumladan O`zbekistonda ham.

Sharhlovchi Abduvali Soyibnazarovga ko`ra, Putin uchinchi muddatga nomzod bo`lmasligi, ko`proq G`arb tomonidan bildirilayotgan tanqidlarga bog’liq. Ayniqsa keyingi payt Rossiya va G`arb o`rtasida ziddiyatlar kuchayganidan keyin.

“Putin uchinchi muddatga qolishi G`arb tomonidan Rossiyada avtoritar boshqaruv kuchyamoqda degan da`volarning isbot topishiga olib kelgan bo’ardi. Rossiya prezidenti nafaqat konstitutsiyada ko`rsatilgan normalarga balki, Rossiyaning obro` e`tiborini saqlab qolish, demokartik davlat ekanligini ko`rsatish uchun ham uchunchi muddatga borishni istamadi”, -deydi Soyibnazarov.

Putin hokimyatdan ketayotgani yo`q, deydi sharhlovchilar, aksincha bosh vazir sifatida katta siyosatda qolmoqda.

XS
SM
MD
LG