Iroqda vatanga qaytgan qochqinlar uysiz, nonsiz va ilojsiz


Iroqda notinchlik tufayli uy-joyidan ayrilgan va boshpanasini tark etgan insonlar millionlarni tashkil etadi.

Bu insonlar hukumatni ular hayotiga befarqlikda ayblamoqda.

Bugun o’n minglab kishi vataniga, ona shahri va mahallasiga qaytgan, ammo vaziyat o’sha-o’sha.

Maishiy xizmat tizimi ishdan chiqqan, aholi punktlari vayron bo’lgan, ish yo’q, turmushni qayta boshlash uchun imkoniyat yo’q.

Xalqaro Migratsiya Tashkiloti xodimasi Jemini Pandyaning aytishicha, Iroq xalqi bugun oziq-ovqat, kiyim-kechak, yonilg’i va boshpana taqchilligidan qiynalmoqda. Sanitariya xizmatlari izdan chiqqqan. Mamlakat bo’ylab ishsizlik darajasi o’ta yuqori.

“Hukumat odamlarga turli talonlar beradi, ammo bu yashash, bolalarni boqish uchun yetmaydi”,- deydi Jemini Pandya. “Ko’pchilik kasalmand. Har ikkinchi odam ruhiy xastaliklardan azob chekayotganini ko’rasiz. Ularning dori-darmon olishga puli yo’q va sog’lig’i haqida hech kim qayg’urmayapti”,- deydi Xalqaro Migratsiya Tashkiloti xodimi.
Iroqda urush avj olgan davrda besh million kishi yo vatanni tark etgan yoki mamlakatning boshqa qismlariga ko’chgan. Ularning 78 mingi bugun ortga qaytgan. Ikki millionga yaqin iroqlik hozirda qo’shni Suriya va Iordaniyada yashaydi.

Qochqinlarning vatanga qaytib kelayotgani sabab Basra va Bag’dodda aholi soni ortgani kuzatiladi. Hukumat esa aholini ro’yxatga olishni va ularning eng muhim ehtiyojlarini qondirishni eplolmayapti.

Insonparvarlik tashkilotlari nazarida odamlar Iroq sal tinchigani uchun emas, qochqin sifatida yashash naqadar qiyin ekani uchun ham qaytmoqda. Ular ko’chmanchilikdan to’ygan.

"Bolalarining savodsiz, qarindosh-urug’lardan uzoqda va yo’qsillikda katta bo’lishini istamaydi",- deydi bu oilalar bilan ishlayotgan mutaxassislar.

Ko’pchilikning uyi vayron bo’lgan, mulkidan ayrilgan yoki xonadonni endi begona odamlar egallab olgan. Bu muammolarni hal etish esa hukumat zimmasida.

Oddiy odamlar hayoti tiklanmas ekan Iroq beqaror jamiyat sifatida qolaveradi, deydi “Amerika Ovozi” bilan muloqot qilgan fuqarolar.

XS
SM
MD
LG