Breaking News

Xillari Klinton - Pensilvaniyadagi saylov g'olibi


AQShning aholisi soni bo’yicha yirik shtatlaridan biri Pensilvaniyada Demokratlar partiyasidan prezidentlikka da’vogarlar Xillari Klinton va Barak Obama ichkipartiyaviy saylovlarda qatnashdi. 10 foiz farq bilan erishilgan g’alaba Klintonga partiyasi nomidan asosiy nomzodlikni qo’lga kiritish umidini qoldirmoqda. Ammo delegatlar soni bo’yicha Barak Obama hali ham oldinda.

"Pensilvaniya ko’chasiga yo’l uzoq, biroq u Pensilvaniya shtati orqali o’tadi," dedi g’alabasidan so’ng Xillari Klinton.

Gap shundaki, Oq Uy Vashingtondagi Pensilvaniyia ko’chasida joylashgan.

Mag’lubiyat Xillari Klintonning prezidentlik umidlarini puchga chiqargan bo’lar edi. Ammo Klinton 55 foiz ovoz olib uni poygadan chiqishga chaqirayotgan raqiblarini shoshirib qo’ydi.

Klinton o’z nutqida tarafdorlaridan saylov kampaniyasini qo’llab-quvvatlash uchun moddiy yordam so’radi.

Klinton yordamchilariga ko’ra, ana shu nutqidan bir soat o’tgach saylovchilardan bir million dolarga yaqin pul tushgan.

Uning raqibi senator Obama Klintonni g’alaba bilan tabriklagan bo’lsada, demokratlardan prezidentlikka asosiy da’vogar o’zi ekanini eslatib qo’ydi.

Obama fikricha, saylovdan oldin o’tkazilgan so’rovlarda Xillari Klinton Pensilvaniyada 20 foiz farq bilan yutishi bashorat qilingan edi, biroq Obama jamoasi farqni qisqartirishga muvaffaq bo’ldi.

Navbatdagi ichkipartiyaviy saylovlar 6 may kuni Indiana va Shimoliy Karolina shtatlarida o’tkaziladi.

Mutaxassislariga ko’ra, ushbu shtatlarda targ’ibot-tashviqot ishlari uchun Obama Klintondan ikki baravar ko’p pul sarflamoqda. So’rovlarga ko’ra, Shimoliy Karolinada Obamaning qo’li baland kelishi mumkin.

XS
SM
MD
LG