Rossiya va Xitoy Markaziy Osiyoda ustunlik uchun kurashmoqda


Rossiya va Xitoy Markaziy Osiyo bilan siyosiy-iqtisodiy va madaniy rishtalarni kuchaytirmoqda.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining muhim a’zolari sanalmish bu kki davlatni hamjihatlikka chorlovchi omil shuki, ular mintaqada AQSh ta’sirini cheklashga intiladi.

Ammo ularning hech biri tashabbusni boshqasiga berib qo’yishni istamaydi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti 1995 yili tuzilgan bo’lib, O’zbekiston unga qo’shilmasidan oldin Shanxay Beshligi deb nomlanardi. Rossiya va Xitoydan tashqari tashkilotga ularga chegaradosh Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston ham kiradi.

Chegara masalalarini muhokama qiluvchi tashkilotga O’zbekiston qo’shilgach maqsad-vazifalariga o’zgarishlar kiritilgan.

Kaliforniya shtatidagi Monterrey xalqaro izlanishlar instituti xodimi Jing-dong Yuanning aytishicha, tashkilot a’zolari uch yo’nalish bo’yicha ishlashga kelishib olgan: xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm va etnik separatism.

Londonda asoslangan Yevropa islohoti markazi vakili Bobo Loning aytishicha, Xitoy tashkilot yordamida Markaziy Osiyoga ta’sirini kuchaytirmoqchi.

”Xitoy Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida ikki tomonlama aloqalarda uddalay olmaydigan ishlarni amalga oshirmoqda. Xitoy bilan birga-bir aloqa Markaziy Osiyo davlatlarini cho’chitib qo’yishi mumkin, ammo tashkilot doirasida Xitoy bilan hamkorlik ularni bezovta qilmaydi”, - deydi mutaxassis.

Tashkilotning yana bir a’zosi Rossiya o’zini mintaqada hukmron deb bilsa-da, Xitoy bilan mojaroga hozircha bormagan.

Kolumbiya universiteti professori Robert Legvoldning aytishicha, Xitoy iqtisodiyoti kuchayib borar ekan, Rossiya buni his qilmay iloji yo’q. Xitoyning mintaqadagi iqtisodiy ta’siri Rossiyani bezovta qilmoqda, deydi Legvold.

Ikkala davlatni hamjihatlikka chorlovchi omil shuki, ular Markaziy Osiyoda AQSh ta’sirini cheklashga intiladi. Ammo shu bilan birga ularning hech biri tashabbusni boshqasiga berib qo’yishni istamaydi.

”Amerikadan keyin jahon tartibi qanday bo’lishi kerak? Markaziy Osiyo maqomichi?” - deb so’raydi Yevropa islohoti markazi mutaxassisi Bobo Lo. Rossiya Sovet davridagi vaziyatga qaytishni istaydiyu, yangi Sovet Ittifoqi bo’lish salohiyati yo’q. Rossiya tarixiy va strategik tomondan o’zini mintaqadagi asosiy kuch deb biladi. Xitoy ham o’zini mintaqaga da’vogar deb hisoblab, siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik siyosatini faollashtirmoqda. Ko’p jihatdan bu ikki davlat bir-biriga bevosita raqobatchidir, deydi Bobo Lo.

Aksariyat tahlilchilar nazarida Moskva va Pekin o’rtasida Markaziy Osiyo uchun raqobat yaqin kelajakda keskin tus olishi mumkin. Buning esa Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kelajagi va jahondagi o’rniga ham ta’sir qilishi aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG