Rossiya va Ukraina gaz, NATO va Sevastopolni muhokama qilgan


Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin Ukraina hukumati rahbari Yuliya Timoshenko bilan Moskvada iqtisodiy va harbiy masalalarni muhokama qilgan. Putin Ukrainaning NATOga qo’shilish rejasiga norozilik bildirar ekan, Rossiya yonilg’isi Ukraina uchun qimmatlashishi va rasmiy Kiyev Rossiyaning xavfsizlik va fazo sohalaridagi shartnomalaridan ayrilishi mumkin.

Vladimir Putinga ko’ra, 2009 yil yanvaridan boshlab Turkmaniston va O’zbekiston Rossiya uchun gaz narxini ko’tarmoqchi. Shu sabab Rossiya ham Ukraina uchun gaz narxini Yevropa bozoriga qarab ko’tarishga majbur.

Ayni damda Ukraina bir kubometr gaz uchun Rossiyaga 179 dollar to’laydi. Gazprom raisi Aleksey Miller gaz kelasi yildan boshlab 400 dollardan oshadi deydi.

Ukraina Bosh vaziri Yuliya Timoshenkoning aytishicha, narxlarni 3-4 yil ichida ko’tarishga kelishib olingan. Kreml bu axborotni hali tasdiqlaganicha yo’q.

Putinning aytishicha, Ukraina so’nggi paytda gaz haqini o’z vaqtida to’lamoqda.

"Ukrainaning oldingi yillaridan qarzi bor va ularni yopish yuzasidan muloqot olib borilmoqda," deydi Putin.

Rossiya bosh vaziri Ukrainani NATOga a’zo bo’lmaslikka chaqirmoqda, aks holda Ukraina bilan barcha harbiy kontraktlar bekor qilinadi deydi.

Rossiyalik mustaqil tahlilchi Pavel Felgenxauerning Amerika Ovoziga aytishicha, bu Rossiya uchun oson bo’lmasligi mumkin.

"Ukrainani qo’shma ishlab chiqarish loyihalaridan chiqarib yuborish oson kechmaydi. Axir Ukrainadagi ishlab chiqarish liniyalarini Rossiyada o’rnatish kerak bo’ladi," deydi tahlilchi.

Putin va Timoshenko Ukrainaning Qrim yarim orolida Rossiyaga qarashli Qora Dengiz floti taqdirini ham muhokama qilgan. Rossiyaning NATOdagi vakili Dmitriy Rogozinning yaqinda aytishicha, Rossiya Sevastopolni tark etmaydi. Ammo o’zaro shartnomaga ko’ra, Rossiya hududni 2017 yilgacha ijaraga olgan.

Kreml ijara muddatini uzaytirmoqchi, ammo Ukraina bunga ko’nmayapti.

Yuliya Timoshenkoning aytishicha, Ukraina shartnomaga 2017 yilgacha rioya qiladi.

Pavel Felgenxauer 2017 yilgacha ko’p narsa o’zgarishi mumkin deydi.

"Ukrainada saylovlar bo’ladi va Moskvaga xayrihoh guruhlar hokimiyat tepasiga kelishi mumkin."

Ikki davlat o’rtasida muammoli masalalar mavjud bo’lishiga qaramay, ayrim mutaxassislar fikricha, Rossiya-Ukraina muloqoti iliq tus olgan.

XS
SM
MD
LG