Breaking News

Pokistonning koalitsion hukumati parchalanish yoqasida


Pokistonda Parvez Musharraf prezidentlikdan ketib, mamlakat 6 sentabrgi saylovga tayyorlanar ekan, koalitsion hukumat a'zolari bir-biri bilan kelisha olmayapti.

Sobiq bosh vazir Navoz Sharif yetakchiligidagi Musulmon Ligasi koalitsiyani tark etmoqda. Bu degani hukumat parchalanish yoqasida. Siyosiy tizimi zaif bu mamlakatda beqarorlik yanada avj olishi mumkin.

O'tgan hafta Islomobod yaqinida yuz bergan portlash 78 kishining hayotiga zomin bo'ldi. Tolibon xuruj ortida turganini tan olgan. Xavfsizlik - Pokiston koalitsion hukumati oldida turgan birinchi darajali masala.

AQSh Mudofaa vazirligi so'zlovchisi Brayan Vitman rasmiy Islomobod muammo ko'lamini tushunadi degan umidda. Pokistondagi o'zgarishlarni kuzatayotgan AQSh rasmiylari "biz yangi hukumat bilan ishlashga tayyor", - demoqda.

Pokistonning AQShdagi elchisi Husayn Haqqoniy ta'biricha 1999 yilda harbiy to'ntarish natijasida hokimiyatga kelgan Parvez Musharraf terrorga qarshi kurashni o'z avtoritar maqsadlarini amalga oshirish uchun qo'lladi.

"Mamlakat shimolidagi qabilaviy hududlarda amaldagi hukmron partiyalarga ishonch balandroq. Terrorga qarshi kurashda strategiyani o'zgartiramiz, e'tiborni avvalgidek faqat harbiy sohaga emas, bunyodkorlik va iqtisodiy taraqqiyotga qaratamiz", - deydi Pokiston elchisi.

Ammo ayrim tahlilchilar nazarida hozircha elchi tilga olayotgan o'zgarishlardan darak yo'q.

Marvin Veynbaum, mintaqani uzoq yillardan beri o'rganib kelayotgan tahlilchiga ko'ra, Pokistonga irodali, ishonchli va malakali rahbar kerak. Hozirgi hukumatning nizolardan boshi chiqqani yo'q. Mamlakat oldida turgan muammolarni hal etishga qodir ekanini ko'rsata olgani yo'q, deydi Veynbaum.

"Avvaliga butun e'tibor prezident Parvez Musharrafni ishdan olishga qaratilgan bo'lsa, bugun hukmron partiyalar eski ginalarni hisob-kitob qilish bilan band. Bu ekstremist guruhlarga yo'l ochadi".

Musharrafning ketishi, siyosatdonlarning aytishicha, Qo'shma Shtatlarni terrorga qarshi kurashdagi muhim bir sherigidan ayirdi. Afg'onistonda Tolibon kuchayib borayotgan bir paytda, AQSh yangi ittifoqchiga muhtoj va Pokistondagi saylov natijasini kutmoqda.
XS
SM
MD
LG