Breaking News

Illinoys shtati gubernatori korrupsiyada ayblanmoqda


AQShning Illinoys shtati gubernatori Rod Blagoyevich korrupsiyada ayblanib qamoqqa olingan.

Shtat prokuraturasining bildirishicha, gubernator Barak Obama prezidentlikka saylangach bo’shab qolgan senatorlik o’rnini pullashga harakat qilgan. Blagoyevich ayblarni rad etmoqda.

AQSH Federal Qidiruv Byurosi 52 yoshli gubernator Rod Blagoyevichni uyida hibsga olgan.

Prokuror Patrik Fitsjeraldning aytishicha, gubernatorning xatti-harakati anchadan beri kuzatilayotgan bo’lgan.

Illinoys gubernatori, deydi prokuror, Kongressda o’rinni egallashni xohlaganlar uchun kimoshdi savdosi e’lon qilishga uringan, ya’ni kim unga bu lavozim uchun kattaroq pora bersa, senatorlik unga tegadi degan.

Barak Obamaning o’rniga kimni tayinlash, qonunan, gubernatorning vazifasi. Lekin nomzod shtat qonunchilari tomonidan ham ma’qullanishi kutiladi.

Federal agentlar Rod Blagoyevichning telefon orqali suhbatlarini tekshirgan.

“Suhbat paytida gubernator lavozimni oltinga qiyoslab, arzon-garovga berib yubormasligi aytgan”, - deydi prokuror Patrik Fitsjerald.

“Bundan tashqari Blagoyevich “Chicago Tribune” gazetasiga bosim o’tkazib, unga yoqmagan tahrirchilarni ishdan bo’shatisni talab qilgan. Chunki gazeta gubernatorni moliyaviy nayranglarda ayblab, tanqidiy maqolalar bosgan”,- deydi prokuror.

Gubernator Rod Blagoyevich barcha ayblarni inkor etmoqda.

Prezidentlikka shaylanayotgan Barak Obama va Blagoyevich orasida biror aloqa bo’lgani haqida ma’lumot yo’q. Tergovchilarning aytishicha gubernator Obamadan uzoq yurgan.

Yozib olingan muloqotlarda keltirilishicha Blagoyevich “Obamaning o’rniga kimni tayinlashda bo’lajak prezidentning fikri menga qiziq emas. Chunki, u tavsiya qilgan odamni tanlaganim bilan Obamadan biror moddiy mukofot olmayman. Obama quruq rahmat aytadi xolos”,- degan.

Illinoysning avvalgi gubernatori Jorj Rayan ham yulg’ichlikda aybanib qamalgan. Hozirda olti yarim yillik jazoni o’tamoqda. Prezident Jorj Bushdan uni avf etishni so’ragan.

XS
SM
MD
LG