Urush tahlikasi: Pokiston chegaraga qo'shin tortmoqda


O’tgan oy Mumbay shahriga qilingan xurujlardan beri Hindiston-Pokiston o’rtasida urush tahlikasi kuchayib bormoqda.

Televizion murojaatida Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G’iloniy qo’shni davlat bilan do’stona munosabatlar tarafdori ekanini ta’kidlagan, biroq Hindiston bilan chegaraga qo’shin tortilayotgani ma’lum.

Islomoboddagi muxbirimiz Ayoz Gulning xabar berishicha, chegarada vaziyat tarang. Pokiston hukumati harbiy xizmatchilar uchun belgilangan ta’tilni bekor qilib, armiya va havo kuchlarini shay holatga keltirgan.

Hindiston Tashqi ishlar vaziri Pranab Mukerji fikricha Pokiston jangari guruhlarni nishonga olish o’rniga, jahon ommasi e’tiborini chalg’itishga harakat qilyapti. Vazirlik Hindiston fuqarolari uchun ayni damda Pokistonda bo’lish yoki safar qilish xavfli deya ogohlantirgan. “Adovat urug’ini sochayotgan Hindistonning o’zi”, - deydi Pokiston rasmiylari.

Pokiston Axborot vaziri Sherri Rahmon Hindiston hujum qilsagina javob qaytaramiz demoqda. “Urush hech bir tomonga naf keltirmaydi, biroq qurolli kuchlarimiz mamlakatni mudofaa qilishga tayyor”, - deydi u.

O’tgan oy Mumbayda ro’y bergan terror xurujlari yadro quroliga ega qo’shnilar orasida adovatni kuchaytirgan. Hindiston nazarida hujumchilar Pokistonda, Pokiston esa buni isbotlang demoqda.

Bu orada, Pokiston minglab askarlarni Hindiston chegarasiga safarbar etmoqda. Guvohlarning aytishicha qo’shinlar mamlakat shimoli-g’arbi, jumladan Afg’oniston bilan chegara hududlarini tark etyapti. Bu aksil-terror operatsiyalarga ta’sir qilishi mumkin.

Pokiston qabilaviy hududlari Al-Qoida va boshqa ekstremist guruhlarga makon hisoblanadi. Ularning Afg’onistonga o’tib, koalitsiya qo’shiniga hujumlarini to’xtatish uchun Pokiston shu kungacha chegaraga 100 ming askar jo’natgan.

XS
SM
MD
LG