Xitoy va rus tillariga qiziqish o'tkinchi deydi olimlar


Amerika ta’lim maskanlarida so’nggi paytlarda xitoy va rus tillariga qiziqish ortgan. Maktablarda bu tillarni o’qitish uchun ko’proq soat ajratilmoqda.

Universitetlarda esa bu ikki davlatga borib ishlayman, tilni bilishim kerak degan yoshlar ko’paygan. Biroq ba’zilar buni o’tkinchi qiziqish deb hisoblaydi.

AQSh hukumati 13 tilga strategik zabon⇒ deya qaraydi. Ularda gaplashuvchi davlatlar, deydi rasmiylar, dunyo siyosati va iqtisodiyotini hal qilishda muhim rol o’ynaydi.

Rus va xitoy tillari shular jumlasidan. Hukumat bu tillarni biladigan mutaxassis kerak deb maxsus grant va stipendiyalar ta’sis etmoqda.

Jorj Vashington Universiteti (George Washington University, The Institute for European, Russian and Euroasian Studies) professori Richard Robin⇒ fikricha, oxirgi ikki yilda rus tiliga qiziqish haqiqatan ortgan. Sababini har xil izohlash mumkin, deydi u.

“Esingizda bo’lsa, 2008 yil avgustida rus qo’shini Janubiy Osetiyaga kirgan edi. O’shanda slavyan tillari bo’limiga hujjat topshirgan studentlar soni keskin oshdi”,-deydi Richard Robin.

“Bu odatiy hol – matbuot qaysi davlat haqida ko’p gapirsa, talaba ham shunga qiziqadi. Bu yil ham rus tilini o’rganishni xohlovchilar ko’p. To’g’ri-da, Medvedev va Putin qachon qarama, ekrandan tushmaydi. Rossiyaning neft-gaz bozoridagi salmog’i katta – bu ham muhim omillardan. Ammo rus tiliga qiziqish kelgusida ham oshib boradimi, yo’qmi aniq aytish qiyin”,-deydi olim.

Jorjtaun Universiteti, Slavyan tillari fakulteti (Georgetown University, Department of Slavic Languages) dekani Marsha Morris⇒ xulosa qilishga shoshmaydi.

“O’tgan ikki yil bolalar Gruziya-Rossiya urushi tufayli fakultetga yog’ilib kelishdi, ayniqsa o’g’il bolalar. Boshimiz osmonda edi. Kimdir diplomat, kimdir siyosatchi yoki harbiy bo’lgisi keladi. Til bilish kerak. Bu yil xayriyatki, urush yo’q, biroq afsuski, studentlar kamroq”,-deya mulohaza qiladi Marsha Morris.

Professor Robinning aytishicha, Amerikada rus tili muallimlari serob – Michigan, Viskonsin, Minnesota, Illinoys va Vashington shtatlarida yirik oliygohlar o’z vaqtida ko’plar mutaxassislar yetkazib bergan. Biroq iqtisodiy vaziyat og’ir ekan, universitetlarda shtatlar qisqarmoqda, fakultetlar yopilgan va darslar ko’pincha internet orqali - onlayn o’tilmoqda. Universitetlar tilchi domlalarni to’liq shtatga olmaydi hozir, deydi u.

Bu orada, AQSh ta’lim tizimi moliyaviy tanazzuldan qiynalgan bir paytda maktab va universitetlarda xitoy tili va madaniyati kengroq o’rgatila boshlangan. Tashabbusni olg’a surib, ulkan mablag’ ajratayotgan tomon bu AQShning yirik savdo hamkori Xitoy.

Bu davlat Argentina, Pokiston, Keniya, Rossiya, Qozog’iston, O’zbekiston, Qirg’iziston va Tojikistonda ham o’z tilini keng targ’ib qila boshlagan. Darvoqe, xitoy tilini targ’ib qilishga qaratilgan Konfutsiy instituti birinchi bor 2004 yilda Toshkentda sinalgan. Hozir 88 davlatda bo’limlari bor.

Ammo tilshunoslar nazarida bu o’zgarish, xitoy va rus tillarini o’rganishga bo’lgan ishtiyoq vaqtincha.

“Qo’shma Shtatlar xorijiy tillarni o’qitish bobida hamisha xom, o’lda-jo’lda siyosat yuritib kelgan”, deydi Jorjtaun Universiteti professori Marsha Morris.

“Urush yoki mojaro boshlansa, Oq Uydagilar harakatga tushib qoladi. Bir qarasa rus, bir qarasa xitoy, ertasiga arab tillarini bayroq qilib ko’tarishdan foyda yo’q. 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin hamma arab tili mutaxassislarini qidirib qolgan edi. Yana bir muammo - AQSh texnologiyaga sajda qiluvchi davlat. Kompyuter bir zumda matnni tarjima qilib berishi mumkin. Shuning bilan ish bitdi deb o’ylaymiz. Holbuki, og’zaki muloqotsiz o’zga millatni tushunish qiyin”,-deydi u.

Olimaning aytishicha, matbuot bir davlat haqida sayrasa, shunga mukkasidan ketish noto’g’ri. Italyan, nemis, fransuz, yapon va boshqa tillarni birday o’qitish lozim. Til - matematika, fizika va biznes kabi muhim fanlar qatorida o’quv dasturiga muhrlanishi kerak, siyosiy sahnada nima ro’y berayotganidan qat’iy nazar.

XS
SM
MD
LG