Bakiyev: Bostirib kiraverishsin, hamma joy qonga botadi


Bakiyev: Bostirib kiraverishsin, hamma joy qonga botadi

Bakiyev: Bostirib kiraverishsin, hamma joy qonga botadi

AQShning Qirg'izistondagi elchisi Tatyana Gfoller bugun Bishkekda muvaqqat hukumat rahbari Roza Otunbayeva bilan uchrashgan. Uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar insonparvarlik yordamini davom ettiradi va har qanday o'zgarish konstitutsiyaga binoan yuz berishi kerak.

<!-- IMAGE -->

Amerikaning, deydi elchi, ayni damda Qirg'iziston janubi, Jalolobod viloyatida yashiringan prezident Qurmanbek Bakiyevga siyosiy boshpana berish yoki uning chetga chiqishiga yordam berish niyati yo'q.

Muvaqqat hukumat esa Bakiyevni hibsga olish maqsadida unga qarshi maxsus amaliyot rejalamoqda.

Lavozimidan ketmaslik qarorida qat'iy Bakiyev esa bugun qarindoshlari yashaydigan Teyit qishlog'ida o'z tarafdorlari oldida so'zga chiqqan.

Bakiyev "menga qarshi harakat qilinsa, qon to'kiladi" deya ogohlantirmoqda.

"Amerika Ovozi" muxbiri Ulug'bek Sokinning xabar berishicha, bugungi namoyishda mingga taqin odam qatnashgan.

Ishtirokchilar qo'lida “Bakiyev - qonuniy prezident, butun gunoh muxolifatning qo'lida" degan shiorlar bo'lgan.

<!-- IMAGE -->

Bakiyev omma oldida so'zlar ekan, “Qani, bostirib kirishsin, qirib ko'rishsin – hamma joy qonga botadi", degan.

U muvaqqat hukumatni “gangster - jinoyatchilar" deya ta'riflmoqda.

Anjumanda uning inilari, jumladan, muvaqqat hukumat qidiruvga e'lon qilgan, Davlat qo'riqlash qo'mitasi rahbari Janish Bakiyev ham ko'ringan.

Bakiyev vaziyatni mustaqil xalqaro komissiya tekshirishi kerak deya BMTga murojaat qilgan. U yig'ilganlarni ertaga Jalolobodda o'tadigan namoyishga chorlagan.

Bugun Qirg'iziston Bosh prokurori vazifasini bajarayotgan Boytemir Ibrayev Bakiyevning o'g'illari va ukasiga qarshi jinoiy ish qo'zg'atilganini aytgan.

Miting paytida prezidentdan bu haqda fikr so'ralganida Bakiyev yana qisqagina “Kelaverishsin" deb javob qilgan.

Qirg'izistondagi o'zbeklar jamoasi muvaqqat hukumatni qo'llab-quvvatlashini bildirmoqda. Jalolobodda O'zbek milliy markazi ikki bor ko'p ming kishilik namoyish o'tkazgan.

Markaz rahbari Qodirjon Botirov o'zbeklar mamlakat ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotida faol ishtirok etishini, uning ajralmas qismi ekanini aytgan.

O'shda o'zbeklar u qadar faol bo'lmasa-da, yangi hukumatni qabul qilgani sezilmoqda. Ko'pchilik Bakiyev ma'muriyati avval bergan va'dalarni bajarmagan deb hisoblaydi.

XS
SM
MD
LG