Breaking News

AQSh elchisi fikricha O'zbekistonga sarmoya oshishi mumkin, lekin...


<!-- IMAGE -->

AQSh elchisi Richard Norland Amerika sarmoya va biznes ahli O'zbekistondagi iqtisodiy muhitga ishona boshlaydi, tasavvurlar o'zgaradi degan umidda.

Norland bu haqda Navoiy erkin sanoat-iqtisodiy zonasiga safari chog’ida gapirgan. Ekspertlar nazarida esa iqtisodiy vaziyat mushkul.

O’zbekiston iqtisodiy siyosati erkin bo’lsagina, xorij, jumladan, AQSh sarmoya kiritishi mumkin.

Janob Norland va AQShning Janubiy Koreyadagi elchisi Ketlin Stivens Navoiy xalqaro aeroporida va erkin sanoat-iqtisodiy zonasida bo'lib qaytgan.

Bu hudud asosan xorij investitsiyasini jalb etish uchun bunyod etilmoqda. Hukumat taklif qilayotgan imtiyozlarga qaramasdan hozircha bu zonaga sarmoya oqib kelmoqda deyish qiyin.

AQSh elchisi bir muddat avval Navoiyda bo’lgan, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishgan edi. Elchi “General Motors” kompaniyasiga qarashli qo'shma korxona Navoiyga investitsiya kiritishini bildirgan. Uning fikricha bu - Amerika investorlari O'zbekistonga qiziqa boshlaganidan darak bo’lsa ajabmas.

AQSh ekspertlari nazarida O'zbekistonda ahvol chet el investorlari uchun qoniqarli emas.

Toshkentda bo'lib, vaziyat bilan tanishgan ekspert Rodjer Kangas fikricha:

“Avval O'zbekistonda ishlagan yirik kompaniyalar foyda ko'rgan bo'lsa-da, haddan oshiq xarajatlar bilan to'qnash kelgan kichikroq kompaniyalar mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo'ldi. Hozir Shimoliy tranzit yo'nalishi tufayli (Afg'onistonga noharbiy yuk tashuvchi) O'zbekistonga sarmoya kiritishga qiziqish oshgan bo’lishi mumkin. Biroq mamlakatda sarmoya muhiti noaniq, shaffof emas. Investitsiya kiritish xatarli”, - deydi Rodjer Kangas.

Mahalliy mutaxassis Ravil Taymurov nazarida mamlakatda biznes yuritish imkoniyati cheklangan. Banklar birinchi galda tadbirkorlar manfaati uchun emas, davlat manfaati uchun ishlamoqda.

“Ayniqsa, yuqori texnologik mahsulot chiqarish bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlar faoliyati qattiq nazoratda. Turli litsenziyalar, ma'lumotlar va byurokratik to'siqlar oxir oqibatda tadbirkorlik bilan shug’ullanishga xohishni yo'qqa chiradi”, - deydi u.

Hukumat O'zbekiston iqtisodiyotida ulkan yutuqlar qo'lga kiritilgan deb hisoblaydi. Ayrim xalqaro moliyaviy tashkilotlar bu raqamlarni qo’llab-quvvatlaydi. Biroq mustaqil tahlilchilar shubhada.

“Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki O'zbekiston hukumati ko'rsatkichlarini o'zidagi ma'lumotlar bilan solishtirdi. Natijada haqiqat qayerda ekanini bilib, rasmiylarning o'sish haqidagi ko'rsatkichlarini takrorlashdan tiyilishdi. Hukumat statistikasi ko'proq maqtanchoqlik. Osiyo Taraqqiyot Banki esa rost va yolg’onni aniqlashni maqsad qilmagan. Hukumat yutuqlarini tasdiqlamoqda”, - deydi iqtisodchi Jahongir Shosalimov.

Toshkentda o’tayotgan Osiyo Taraqqiyot Banki yillik yig'ilishida O'zbekiston rasmiylari iqtisodiy boshqaruvning "o'zbekcha modeli" natijasida ulkan yutuqlarga erishildi deya ta'kidlamoqda.

XS
SM
MD
LG