Breaking News

Eron prezidenti BMT anjumanida AQSh va Isroilni qoraladi


<!-- IMAGE -->

Nyu-Yorkda BMT yadroviy xavfsizlik anjumani boshlanar ekan, Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod so'zga chiqib, AQSh yadroviy siyosatini va Xavfsizlik Kengashi faoliyatini qoraladi.

Ahmadinajod fikricha atom qurollari, ularni ishlab chiqarishda kerak bo'ladigan moddalar va texnologiya tarqalmasligi uchun mavjud qonunlarni qayta ko'rib chiqish kerak.

1970 yilda qabul qilingan va 189 davlat imzo chekkan xalqaro bitim amaliyoti muhokama qilinadigan bu anjumanga asosan tashqi ishlar vazirlari kelgan. Ahmadinajod unda qatnashayotgan yagona prezident.

Amaldagi bitim, Ahmadinajod nazarida, faqat G'arb manfaati va yadroviy qudratga ega davlatlar uchun xizmat qilmoqda.

Eron prezidenti AQSh va Isroilni o'z yadroviy arsenalini qo'rqitish vositasi sifatida qo'llayotganlikda aybladi. Bu davlatlar, deydi u, boshqalarga aql o'rgatmasdan o'zlari ikkiyuzlama siyosat yuritishni bas qilishi kerak.

<!-- IMAGE -->

Ahmadinajod deydiki, uning mamlakati yadroviy energiya sanoatini kengaytirishni istaydi. "Atom qurollari davri o'tgan",- deydi u, "bizning maqsadimiz tinchlik va barqarorlik".

Obama ma’muriyati a’zolari islomiy respublika prezidenti Mahmud Ahmadinajod bilan uchrashish yoki so’zlashish niyatida emas.

AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Raysning aytishicha, Xavfsizlik Kengashida bu davlatga qarshi yangi sanksiyalar qo’yish ustida diplomatik muzokaralar avjida.

AQSh Eronni yashirin tarzda atom quroli ustida ishlayotganlikda gumon qilar ekan, Obama ma’muriyati boshida bu davlat bilan diplomatik muloqotni oshirib, murosa yo’lini izlashga bel bog’lagan edi. O’tgan bir yil ichida Oq Uyning xafsalasi ancha pir bo’lgan.

Eron atom dasturini, xususan uranni boyitishni davom ettirmoqda. Vashington BMT Xavfsizlik Kengashini yangi sanksiyalar qo’yishga undamoqda.

Eron xalqaro hamjamiyatni hurmat qilmaydi va murosa qilishni ham istamaydi, deya xulosa qiladi AQShning BMTdagi elchisi.

<!-- IMAGE -->

“Eronning maqsadi tinchlik va hamjihatlik bo’lsa, buni isbotlash uchun sharoit yaratilgan. Gaplashsin BMTning besh doimiy a’zosi va Germaniya bilan. Biz bu davlatga siyosiy-iqtisodiy takliflar bilan chiqdik. Gaplashishga, til topishishga harakat qildik. Bu yog’i Eronga havola”,- deydi Syuzan Rays.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton prezident Mahmud Ahmadinajodni asl maqsadi nima ekanini oshkor etishga chaqirmoqda.

“Biz hamkorlik tarafdorimiz. Eron gapga ko’nmasa, BMT doirasida birgalikda unga qarshi chora ko’riladi. Eron o’zini yakkalab qo’yishi tayin. Biz unga qo’shni davlatlar bilan yaqindan ishlayapmiz”,- deydi Klinton.

Bu chaqiriq va ogohlantirishga esa Mahmud Ahmadinajod tanqid bilan javob bermoqda.

“G’arb davlatlari aggressorlar”, deydi u, “Eron va butun Yaqin Sharqni o’ziga bo’ysundirishga harakat qiladi”.

“Yaqin Sharq dunyo sivilizatsiyasi beshigi ekan”, - deydi Eron prezidenti, “G’arb bu mintaqani tinch qo’ymaydi”. “Eron e’tiqod va erkinlik himoyachisi bo’lib qoladi va “yovuz kuchlar o’z yolg’onlari bilan” uni qo’rqita olmaydi,” – dedi Ahmadinajod.

Islomiy respublikadi so’nggi oylar ichida minglab fuqarolar, xususan faollar, jurnalist va ziyolilar tuzumga qarshi jinoyatlarda ayblanib, qamoqqa tashlangan.

XS
SM
MD
LG