AQSH VA O'ZBEKISTON - 2003-06-25


Munosabatlarimiz rivoji O’zbekistondagi islohotlarga bog’liq

AQSHNING O’ZBEKISTONDAGI ELCHISI JON HYORBST BILAN muxbirimiz Behruz SUHBATI

AQSHning O’zbekistondagi elchisi Jon Hyorbst bilan may oyining oxirlarida rejalashtirgan uchrashuvimiz nihoyat iyun oyining boshida amalga oshadigan bo’ldi.Toshkentdagi AQSH elchixonasi binosiga juda qattiq tekshiruvlardan so’ng kirib borar ekanman, Hyorbst janoblari uchun tayyorlagan savollarimni o’z – o’zimga qayta- qayta takrorlar edim.Nihoyat belgilangan uchrashuv xonasida Hyorbst janoblari bilan ko’rishdik.U kishi biroz charchagandek ko’rinardi.Toshkent havosining haddan ortiq isib ketganligi, uchrashuvlar va qabul marosimlarining ko’pligi bois bu charchoqni tushunish mumkin edi. Shunday qilib suhbat boshlanib ketdi, Jon Hyorbst janoblari bizning barcha savollarimizga diplomatlarga xos ehtyotkorlik bilan javob berdilar.

Behruz- Muhtaram elchi janoblari, Qo’shma Shtatlar va O’zbekiston munosabatlarida sizning elchilik davringiz qanday o’rin tutadi, deb o’ylaysiz?

J.H. – Mening elchi sifatidagi vazifam O’zbekiston va AQSH o’rtasidagi munosabatlarni O’zbekiston uchun ham AQSH uchun ham samarali bo’lishini ta’minlashdir.Ko’p yillardan buyon har ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlar o’zaro manfaatlar asosida rivojlanib kelmoqda.Lekin shu bilan birga biz o’zbekistonda iqtisodiy siyosiy va inson huquqlari sohasida islohatlar o’tkazilishi tarafdori ham bo’lib kelayapmiz.Mening vazifam barcha sohalarda taraqqiyot bo’lishini ta’minlashdir.

Behruz – AQSHning O’zbekiston bilan strategik hamkorlikni yo’lgaqo’yganiga mana bir yildan ortiq vaqt o’tdi va bu hamkorlikningboshlanishi ham sizning elchilik davringizga to’g’ri kelmoqda.O’zbekiston tomoni sizning nazaringizda AQSHdek qudratli mamlakatga qanday munosib hamkor bo’la oldi va bu hamkorlik kelajagini siz qanday tasavvur qilasiz?

J.H. - AQSH va O’zbekiston davlatlarining milliy havfsizlik sohasidagi aloqalari juda ham yaxshi ekanligini e’tirof etish kerak.O’zbekistonning o’z hududidan Amerika qo’shinlari uchun joy ajratib derishi hamda Afg’onistonda tolibon rejimini tor-mor etilishida ko’rsatgan yordami juda ham katta ahamiyatga egadir.Shu bilan birga Iroqqa qarshi olib borilgan muhorabalarda AQSH boshliq ittifoqchilar kaolitsiyasiga qo’shilgan o’zbekistonning o’rni juda muhim bo’ldi. AQSH va O’zbekiston o’rtasidagi strategik hamkorlikni uzoq davom etishi mamlakatda iqtisodiy islohatlarni amalga oshirilishi bilan bog’liqdir.Bundan tashqari o’zbekistonda inson huquqlari sohasidagi o’zgarishlar ham strategik hamkorlik uchun katta ahamiyatga egadir.

Behruz - Siz o’zbekistonda elchi o’laroq ishlagan paytingizda mamlakat ijtimoiy- siyosiy hayotida qanday muhim o’zgarishlarni kuzatdingiz va o’zgarishlarda AQSH tomonining qanday hissasi bor deb o’ylaysiz?

J.H. – Eng asosiy narsa mening o’ylashimcha, havsizlik siyosati sohasida sodir bo’lgan o’zgarishlardir.Biz o’zbekiston bilan ayni shu sohada ko’p yillardan buyon hamkorlik qilib kelamiz.Bu aloqalar ayniqsa 11 sentyabr voqealaridan so’ng yuqori darajaga ko’tarildi. Iqtisodiy sohadagi o’zgarishlarga kelsak, o’tgan yilning birinchi choragida o’zbekistonda bozor munosabatlarini qaror toptirish yo’lida muhim bir qadamlar tashlangan edi.Xususan bu o’zgarishlar Xalqaro Valyuta Jamg’armasi manitoringi dasturi doirasida kuzatila boshlagandi.Lekin o’tgan yilning yozidan mamlakatda bozor iqtisodiga zid keladigan qonun va farmonlar chiqarildi.Bu farmonlar batamom bozor munosabatlariga zid qadamlar deb o’ylaymiz. Behruz - Keyingi ikki yil orasida o’zbekistonga tashrif buyorgan AQSH hukumati mulozimlari O’zbekistondagi inson huquqlari va demokratiya jarayonlariga o’z e’tiborlarini qaratishar ekan, ayrim inson huquqlari tashkilotlarini ro’yhatga olinishini va matbuotdan senzura olib tashlanishini muhim o’zgarish sifatida e’tirof etishdi . Sizning nazaringizda ham sanab o’tilgan holatlar o’zgarish sifatida baholanishi mumkinmi?

J.H. - Tabiiyki inson huquqlari sohasidagi bu o’zgarishlarni muhim o’zgarishlar deb tan olamiz.Siz aytib o’tgan ikkita inson huquqlari tashkilotini ro’yhatdan o’tkazilishiga ham o’zgarishlarning biri sifatida qaralishi mumkin.Shu bilan birga senzura institutini bekor qilinishi va internetdan davlat manopoliyasini olib tashlanishi hamda o’tgan yil davomida ikki marta amnistiya e’lon qilinishi, bu amnistiyalar bilan siyosiy mahbuslarning ozod qilinishi ham ahamiyatga ega voqealar edi. Bularning bari inson huquqlari sohasida ko’zga tashlangan oldinga siljish namunalaridir.Lekin ayni paytda o’zbekistonda inson huquqlarini paymol etilishini biz kuzatib turibmiz.Bu sohada eng katta muammo qiynoqlarning qo’llanilishi va jazoni o’tash muassalarida mahbuslarning halok bo’lish hollaridir.Bular juda ham muhim salbiy hodisa hisoblanadi.Bular bizning o’zbekiston bilan davom etayotgan munosabatlarimizga juda ham yomon ta’sir etishi mumkin.

Behruz – Siz o’zbekistonda qiynoqlar qo’llanilayotgani va inson huquqlari buzilayotgani haqida gapiryapsiz, sizning nazaringizda buning sabablari nimada,nima uchun O’zbekistonda qiynoqlar to’xtamayapti?

J.H. – Qiynoqlar ortida qanday sabablar turganligi haqida tahmin qilish hozircha o’riinli emas,lekin mamlakatda shunday muammolar borligi ko’rinib turgan holatdir.Eng muhimi bu muammolarni kelajakda bartaraf etilishi asosiy masala deb o’ylayman.

Behruz - O’zbekiston hukumati mamlakatda inson huquqlari vaziyati yomonligini demokratlashtirish jarayoni juda sekinlik bilan borayotganiga o’zbekistonning nisbatan yosh davlat ekanliglni sabab qilib ko’rsatadi. Sizning nazaringizda mamlakatning nisbatan yoshligi inson huquqlari va demokratiya jarayonlarini amalga oshmay kelayotganiga qanchalik asosli sabab bo’lishi mumkin?

J.H. – To’g’ri, o’zbekistonning nisbatan yosh davlat ekanligi ba’zi siyosiy jarayonlarga ta’sir etishi tabiiy.Lekin yoshi o’zbekiston bilan teng bo’lgan ba’zi mamlakatlarda ham bu boradagi vaziyat u qadar murakkab emas.Menimcha hukumat inson huquqlari bilan bog’liq ba’zi muammolarni hal qilmog’i lozim. Behruz – Toshkentda o’tgan oyning boshida Ovro’pa Tiklanish va Taraqqiyot banki yig’ilishi o’tkazilgach prezident Karimov kutilganidek o’zbekistonda qiynoqlar borligini ochiq tan olib gapirmadi. Ovro’pa banki esa qanday bo’lmasin o’zbekistonda ayni shu sohada o’zgarishlar bo’lishini istamoqda va bir yil davomida olib boriladigan kuzatuv ishlari ham aynan inson huquqlari bilan bog’liqdir.Ayni kuzatuv yilida mamlakatda inson huquqlari buzilish holatlari davom etaversa bank tomonidan qandaydir choralar ko’rilishi muqarrar.Bunga AQSH tomoni qanday mavqe’da.Agar mamlakatda inson huquqlari buzilishi hollari davom etaversa Qo’shma Shtatlar ham qandaydir choralar ko’ra oladimi?

J.H. – Bank siyosati haqida menimcha, bankning o’zidan so’rasangiz ma’qulroq bo’lardi.Lekin men yana bir marta qaytaraman AQSH va O’zbekiston o’rtasidagi strategik aloqalarni yanada rivojlantirish uchun o’zbekistondagi inson huquqlari bilan bog’liq muammolarni hal qilmoq lozim.

Behruz – Bugungi kunda O’zbekistonda mavjud iqtisodiy muammolar- konvertatsiyaning cheklanganligi, chegaralarning yopib olinishi, yo-da siyosiy muammolar - mamlakatda muholifatning yo’qligi, mustaqil siyosiy partiyalar va harakatlarga yo’l berilmasligi manzarasida o’zbekiston kelajagiga nazar tashlasak - O’zberiston kelajagini Siz qanday tasavvur qilasiz?

J.H. - Siz o’zbekistondagi iqtisodiy va siyosiy sohalardagi muammolarni aytib o’tdingiz.Bu mamlakatda to’la bozor munosabatlar ini tadbiq etish orqaligina rivojlanish bo’lishi mumkin.O’zbekiston halqi juda bilimli va ma’rifatli. Bu mamlakatda barcha kishilarning qonunlarga birdek amal qilishlari ham taraqqiyotning muhim sharti hisoblanadi. Mening bilishimcha, mustaqillik paytidagi o’zbekiston tarixida uch yoki to’rt marta bozor iqtisodiyotini tadbiq etishga urunishlar bo’lgan.Lekin bu harakatlar muvaffaqiyatsiz yakun topgan.Garchand shu hollarda muvaffaqiyatli qadamlar ham qo’yilgan bo’lsada hukumat tezda bundan chekingan edi.Biz bundan keyin o’zbekistonda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirilishini qo’llab-quvvatlab turamiz.Balki bundan keyingi harakatlardan biri muvaffaqiyatli bo’lib chiqishi mumkin.Lekin bunga o’zbekiston bir yilda, ikki yilda, yoki yigirma yilda erishadi deya olmayman.Agar iqtisodiy islohotlar qanchalik tez amalga oshsa bundan o’zbek halqi turmushi farovanlashadi va shundan kelib chiqib O’zbekiston va AQSH munosabatlari yaxshilanib boraveradi deb o’ylayman.

Behruz - Ko’p o’tmay O’zbekistonda elchilik vazifangiz tugab Ukrainaga yo’l olasiz. Bu mamlakat sizning shahsiy hayotingizda qanday iz qoldirmoqda?

J.H. – Avvalo shuni aytishim lozimki AQSH senati Ukrainaga borishimni Tasdiqlamaguncha men bu mamlakatga bora olmayman.Men o’zbekistonga kelishni juda ham istagan edim.Men o’zbekiston halqi juda ma’rifatli halqligini, bu mamlakatning imkoniyatlari katta ekanligini hamda ular o’zbekistonni buyuk mamlakatga aylantirishlarini yaxshi bilardim.O’zbekiston va Amerika o’rtasida umumiy manfaatlar bo’lganligini ham yaxshi anglayman.Men bu yerga kelmasdan oldin ikki mamlakatni yanada yaqinlashtirishni va o’zbekiston mamlakatini yanada faravon qilishni o’z oldimga maqsad qilib qo’ygan edim.Men o’zbekiston va Amerika munosabatlarini yanada yaxshilanayotganligidan mamnunman.Bundan keyin mamlakatda iqtisodiy islohatlarni o’tkazish va inson huquqlari sohasida jiddiy qadamlar bo’lishi bilan AQSH - O’zbekiston munosabatlari yanada yuqori darajaga ko’tariladi, deb ishonaman. Behruz - AQSHning o’zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jon Hyorbst janoblari bilan yarim soatlar chamasi davom etgan suhbatimiz shunday yakun topdi.Hayrlashar ekanman men Hyordst Janoblarini o’zbekistondagi o’z faoliyatidan mamnun ekanligini sezdim.Haqiqatdan shu paytgacha o’zbekistonda o’z elchilik vakolatini bajargan Qo’shma Shtatlar diplomatlari orasida Jon Hyorbst o’zbekistonga muhabbati tufaylimi o’zbek tilini o’rgangan va turli yig’ilishlarda ko’proq shu tilda gapirib kelayotgan siyosatchi edi.

XS
SM
MD
LG