Breaking News

O'zbekistonda "Amerika Ovozi" tiniq eshitilmayapti - 2004-07-09


“Siz 'Amerika Ovozi' radiosini tinglaysizmi? Agar tinglasangiz, uni bemalol eshita olasizmi?” degan savol bilan bir guruh tinglovchilarga murojaat qildik.

Akademik AHMADALI ASQAROV: - “Amerika ovozi” radiosini, mana 2 yil bo’ldi, eshitganim yo’q. Sababi: hech eshitib bo’lmaydi. Yo mening radioimning kuchi yetmaydi yo bo’g’ib tashlaydi."

Advokat RUHIDDIN KOMILOV: - "Men “Amerika ovozi”ni eshitaman. Lekin oxirgi paytlarda eshitish imkoniyati yo’q bo’ldi. Negaki, juda katta shovqin-suron…Bo’g’iladi…"

BOSHLOVCHI: - "Agar mabodo bo’g’ilmasa, muxlislari bo’larmidi, bo’lmasmidi?"

Advokat RUHIDDIN KOMILOV: - "Odamlar ichida yuramiz. Ko’pchilik, asosan, qandaydir xabarni aynan 'Ozodlik', 'Amerika ovozi' yoki 'Bi-Bi-Si' orqali eshitganlarini gapirishadi. Lekin O’zbekiston radiosi, televideniyesi yoki boshqa davlat organlari tomonidan – matbuot tomonidan chiqarilgani eshitilgani haqida gapirishmaydi."

Bu kabi e’tiroflarni ko’pchilik respondentlar tomonidan eshitish mumkin bo’ldi. Ular orasida “Amerika ovozi” radiosining xorazmlik tadbirkor Isoq ota Abdullayev kabi muxlislari ham bor ekan.

ISOQ ota ABDULLAYEV: - “Amerika ovozi”ni men doimo eshitaman, chunki bunda anchagina asos ham bor – “Amerika ovozi”ning anchagina xalqqa yaqinligi ham bor. Bor haqiqatni yetkazib beradi. Ayniqsa, O’zbekistonga taalluqli narsalarni u o’z vaqtida yetkazib beradi. Birinchi…Ikkinchi tomondan, uning O’zbekistonga taalluqli tomonlariga, kezi kelganda, radiolarning hamma liniyalarini ilishga harakat qiladi. “Liniyalarga maxsus odamlar qo’yiladi” deyishadi…Demak, shunday qilib, bo’g’ib tashlaydi ekan. Lekin men boshqa bir yo’llarini topib oldim. Katta harakatlar qilib, televizorga tushadigan qildirib oldim. Soat 8dan boshlab “Amerika ovozi”ni mana shu sizlar bilan gaplashganday eshitaman. Hamma narsalarni…Hamma vaqt eshitaman va u ovoz bilan faxrlanaman."

Lekin ko’pchilik muxlislar uchun bunday yo’llardan foydalanish – amri mahol.

Hofiz va shoir DADAXON HASAN: - Men “Amerika ovozi” radiosini har kuni “Qachon eshitarkinman?” deb, intizorlik bilan kutaman. Va u boshlanadi-yu, bu yoqdan shovqin-suron ham boshlanadi efirda. Qandaydir begona muzikalarni qo’shvoradi. Xitoycha muzikami, qo’shvoradi. Eshitib bo’lmaydi. Nega shu “Amerika ovozi” radiosini bo’g’adi? Chunki “Amerika ovozi”, bu – chet el radiolari ichida eng odilona, haqqoniy gapira oladigan, o’zbek xalqining dardini, kurashlarini, orzu-armonlarini to’laligicha eshittiradigan radio. Shuning uchun, shu radioni xalqimiz eshitmasin, ko’zi ochilib qolmasin, haqiqatni anglab qolmasin, deb, menimcha, maxsus idoralar shug’ullanib, uni bo’g’a boshlaydi."

Mana, respondentlar aytgan o’sha “Amerika ovozi” radiosini bo’g’ishlardan ayrim lavhalar, tinglovchilar aytgan xitoy musiqalari (eshittirishdan parcha).

Bunday xorijiy musiqa bilan to’silayotgan radio to’lqindagi ovoz sohibini yo taniysiz yo butkul tanimaysiz- (eshittirishdan parcha).

“Amerika ovozi” radio dasturi oxirlab borar ekan, sigirning har qanday musiqadan ustun keluvchi ovozi sizni hayratga soladi (eshittirishdan parcha).

XS
SM
MD
LG