Internet cheksiz imkoniyatlar dunyosi, ammo ... - 2004-11-09


Amerikalik o’smirlarning qariyb 80 foizi uyida internetga ega. Amanda Lenhart, Pyu jamg’armasi homiyligida o’tkazilgan, Amerika hayotida Internetning ahamiyati mavzusidagi ilmiy izlanishga rahbarlik qildi.

"O’smirlar uchun Internet ajoyib vosita. Ular uni sevishadi. U orqali tengdoshlari bilan aloqa qilishadi," deydi u.

Amanda Lenhart, Internetni, “telefon, televidenie, o’yin va radioni o’z ichiga olgan yagona vosita” deb ta’riflaydi.

"Fikrimcha, Internet o’smirlarni butunlay o’zgartirdi," deydi Patricia Uolas, Baltimo’r shahridagi Jo’ns Hopkins Universitetining “Iste’dodli Yoshlar Markazi” xodimi.

"Internetning o’smirlar uchun ham ijobiy, ham salbiy tomonlari bor. U yoshlarga dars qilish, bilim olish, aloqa qilish, qolaversa dunyoni o’rganishda cheksiz imoniyatlar beradi. Lekin, Internet ularga zarar qilishi ham mumkin. Buni yodda tutish kerak."

Xavfdan ota-onalar ogoh bo’lishlari lozim, jumladan pornografiyadan. Bolalar, hatto yosh bolalar uchun, Internetdagi pornografik reklama yoki ma’lumotlarga duch kelish qiyin emas.

Masalan, “o’yinchoq” mavzusida ma’lumot qidirsangiz, oldingizda behayo sahifalar paydo bo’ladi. Yoshim 18 da katta desangiz bas, sahifalar ochilaveradi.

Internetdagi pornografik rasmlar, ma’lumot va reklamalar bu vositaning bolalar, o’smirlar uchun eng dahshatli tomoni sanaladi.

Tim Lordan Demokratiya va Texnologiya markazi vakili. Bolalarning Internetdan xavfsiz ravishda foydalanishini targ’ib qiladi.

"Internetda shaxsiy ma’lumot berishning qanchalik xavfli ekaniga bolalarning aqli yetmaydi. Ota-onalar bunga qattiq e’tibor berishlari kerak."

Ota-onalar, bolalarning ba’zi sahifalarni ochishini cheklovchi maxsus kompyuter programmalarini ishlatishlari mumkin.

Lekin so’ngi tadqiqot natijasiga ko’ra, AQSh bolalarining 60 foizi Internet orqali begona kishi bilan aloqada bo’lgan.

Buning ustiga, o’smirlar Internetda begonalar bilan aloqa qilishdan cho’chishmaydi.

"Bolalar, Internetda gaplashyapmizku, deb xavfsizlik haqida o’ylashmaydi," deydi Amanda Lenhart.

Ular, ota-onam Internetni ta’qiqlashi mumkin, deb vosita orqali boshqalar bilan qanday nozik narsalar haqida gaplashishganini ham yashirishadi.

AQShda bolalarga Internetni cheklash masalasi fuqarolarning so’z erkinligi bilan to’qnashmoqda.

Masala qizg’in muhokama ostida. Patricia Uolas, agar bolalarga Internetni cheklovchi qonun chiqsa, u aloqa texnologiyasi rivoji bilan bellasha olmaydi, deydi.

"Farzandlarimizni, haqiqatan ham, xavfdan uzoq tutish uchun ularga zarur bilimni berish kerak. O’zlarini qanday himoya qilishni, nima xavfli ekanini va paydo bo’layotgan yangi texnologiyalar bilan ishlashni o’rgatishimiz kerak. Ular kelajakda bu narsalarni qo’llashadi."

Bolalarga Internetni cheklash bilan muammo yechilmaydi, deydi Tim Lordan:

"Fikrimcha, informatsion texnologiya asosidagi iqtisodiyotga o’tarkanmiz, bu o’ta nozik masala. Qaysi kasbga qaramang, bolalar katta bo’lishgda Internetni, kompyuterni yaxshi ishlata bilishlari kerak."

Biroq, mutaxassislarning fikricha, bola sifatida ular hozircha nazorat ostiga olinmasa bo’lmaydi.

XS
SM
MD
LG