Breaking News

Prezident Bush ikkinchi muddat uchun qasamyod qilishga otlanmoqda


20 yanvar kuni Prezident Jorj Bush ikkinchi muddat uchun qasamyod qiladi.

Amerikaliklar uchun, yangi yoki qayta saylangan prezidentning Kapitoliy, ya'ni AQSh parlamenti binosi zinapoyasida qasamyod qilishi, hukumatning tinch tarzda o'zgarishi va Amerika demokratiyasining davomiyligi timsolidir.

Tarixchi Marvin Kranz bunga shunday izoh beradi:

"Biz, buyuk voqealardan biri hisoblanmish bu marosimni mamlakatimizning fuqarolik e'tiqodi, deb ataymiz. Ko'pchilik prezidentlar, 'xudo panohida lavozimga kirdim,' deya ta'kidlasalarda, aslida inaugratsiya – jamoat marosimidir. Tinchlik yoki urush bo'lishidan qat'iy nazar, u har to'rt yilda o'tkaziladi."

Inauguratsiya, prezident qasamyodi va uning xalqqa murojaatidan keyin Oq Uy oldida rasmiy parad bo'lib o'tadi. Undan keyin esa - rasmiy bal.

Bu safargi marosimlarning xotirjam ravishda o'tishini kafolatlash mumkinmi?

"1789 yildan beri, har to'rt yilda, shu marosimni tantana qilamiz," deydi Marvin Kranz. "Hozirgacha hech qanday inqilob yoki qurolli kurash yuz bergani yo'q. Marosim hamisha kutilganidek o'tib kelmoqda. Biz shunga ko'nikkanmiz. Saylov natijasidan, tabiiyki, kimdir rozi, kimdir norozi."

AQSh tarixiga nazar tashlansa, masalan, 1801 yilda Tomas Jefferson prezidentlik qasamyodini qilganida, "saylovda boy berganidan achchig'i chiqqan sobiq Prezident Jon Adams, alamiga chidolmay," Vashingtondan chiqib ketgan.

"Hozirgi vaqtda, prezident qayta saylana olmasa ham, yangi prezidentni yoqtirmasa ham, u bilan yonma-yon o'tirib, qasamyod marosimiga boradi," deydi tarixchi.

Siyosiy tahlilchilar nazarida, amaldagi prezident qayta saylana olmasa-da, uning g'olib yonida mag'rur turishi omma ongida chuqur ahamiyat kasb etadi. Saylovning kimning foydasiga hal bo'lganidan qat'iy nazar, bu hol, xalqqa mamlakatning barqaror ekanidan darak beradi.

2000 yildagi inauguratsiya marosimi buning yaqqol isboti bo'lgan. Saylovda boy bergan o'sha paytdagi Vitce Prezident Al Gor, muddati bitgan Bil Klinton bilan yonma-yon turib, Bushning qasamyodini kuzatgan.

Inauguratsiya marosimining eng muhim qismi bu prezidentning xalqqa murojaatidir. Bu, AQShning birinchi prezidenti qoldirgan siyosiy an'anadir, deydi Kranz:

"Bu azaliy odatdir. Jorj Vashington o'z qasamyodidan keyin xalqqa gapirgan ilk prezidentdir. Ikkinchi muddatga qasamyod qilganida, u ikki og'iz gap aytgan, xolos. Hozirga kelib, har bir prezident inauguratsiya nutqini so'zlaydi."

Tarixchining aytishicha, prezidentning qasamyoddan keyingi birinchi murojaati eng chuqur sado beruvchi nutqdir.

Mana shunday unutilmas nutqlardan biri sobiq Prezident Abraham Linkoln tomonidan 1865 yilda, AQSh fuqarolar urushi nihoyasida qilingandi.

"Yomonlikni chetga surib, mehr-oqibatli bo'lib, Xudo panohida to'g’ri yo'lni tanlagan holda, o'z vazifamizni ado etaylik. Urush qoldirgan yaraga malham topaylik. O'zaro va boshqa davlatlar bilan tinch-totuv hayot kechirish va adolat yo'lida ter to'kaylik...," degandi Linkoln.

1933 yildagi inauguratsiya marosimi ochlik va qashshoqlik davriga to'g'ri kelgan. Yangi Prezident Franlik Ruzvelt ilk murojaatida, amerikaliklarni mashaqqatli damlarni yengishga chaqirgan. "Eng qo'rqinchli narsa bu qo'rqinchning o'zidir,"degangi u.

1961 yilda, yangi prezident Jon Kennedi amerikaliklarni xalq sharafi uchun xizmat qilishga undagan. Uning ilk nutqi, avlodlarni oyoqqa turg'azgan, deyishadi odamlar.

"Hamyurtlarim, vatanim menga nima qila oladi, deb emas, men vatanim uchun nima qilaman, deb so'rang," deya bong urgandi Kennedi.

Bundan to'rt yil avval, saylovdan keyingi uzoq bahs va tortishuvlar natijasida g'olib deb topilgan Bush xalqni birdamlikka chorlagandi:

"Mamlakatimizni yanada adolatli, sahovatli qilish, har bir insonning hayotini e'zozlash yo'lida, hormay-tolmay, tinimsiz mehnat qilishga otlanmoqdamiz."

Ko'pchilik tahlilchilar nazarida, haqiqiy g'alaba na'shasini surayotgan prezident bu safar, vakolatini ishga solgan holda, o'zining konservativ siyosatini olg'a suradi.

Vashingtondagi siyosiy sharhlovchi Tomas Mann bu borada shunday fikr bildiradi:

"Menimcha, bu prezident, siyosat bobida, haddan tashqari ko'p maqsadni ko'zlagan. Lekin u o'z fikr va qarashlarini o'zgartirishga tayyor emas. Yangi g'oya va mulohazalarga ochiq emas. Demokratlar bilan muzokara qilishga qiziqmaydi. Demokratlar uning takliflarini quvvatlasa, xursand bo'ladi, ammo ular bilan til topishishga urinmaydi."

AQShda siyosiy tortishuvlar odatda prezidentning qasamyodidan keyin boshlanadi. Tarixchi Marvin Kranzning qayd etishicha, inauguratsiya Amerika xalqini siyosiy jihatdan birlashtiruvchi, uni mamlakat tinchligi va demokratiya istiqboli yo'lida xizmat qilishga undovchi marosimdir.

"Bu bizning Amerika xalqi sifatida kim ekanimizni anglatadi. Biz bunga qonuniy o'zgarish deb qaraymiz. Og'ir davrni boshdan kechirayotgan bo'lsak-da, uni tan olamiz. Lavozimga kirayotgan kishining qarashlariga qo'shilmasmiz, ammo u - ko'pchilik tomonidan saylangan prezident. Biz yangi rahbariyat qo'li ostida yashashga majburmiz."

Bu yilgi inauguratsiya marosimi kuchli xavfsizlik choralari ostida bo'lib o'tadi. Shuningdek, 20 yanvar kuni Prezident Bushga qarshi guruhlarning namoyish o'tkazishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG