Breaking News

Italiya Iroqdan o'z qo'shinlarini olib chiqishga qaror qildi


Italiya hukumati shu yilning sentyabr oyida Iroqdan o'z qo'shinlarini olib chiqa boshlamoqchi ekanini ma'lum qildi.

Bosh vazir Silvio Berluskoning aytishicha, qo'shinlar soni asta-sekin qisqartirila boshlanadi va ularning chiqish jarayoni Iroq hukumatining barqarorlikni qanchalik qo'lga ola bilishiga bog'liq.

Berluskonining bayonotidan so'ng, Italiya parlamenti Iroqdagi uch ming nafar askari xizmatini yana uch oyga uzaytirdi.

Ma'lumki, Italiya AQSh-boshchiligidagi koalitsiyaning Iroqdagi harbiy amaliyotlarida faol qatnashib kelayotgan a'zolardan biri bo'lib keldi.

Vashingtonda Oq Uy so'zlovchisi Skot Maklellan jurnalistlarning Italiya qarori haqidagi savoliga javob berarkan, "AQSh qo'shinlari ham italiyaliklar qatorida chiqib ketish maqsadida, Iroqning yangi harbiy kuchlarini xizmatga tayyorlayapti,"- dedi.

Bolgariya prezidenti Georgiy Parvanov mamlakatning Iroqdagi 460 nafar askari shu yil oxirigacha vatanga qaytishi zarur, deb ta'kidlamoqda.

XS
SM
MD
LG