Ramsfeld <i>Amnesty International</i> ni tanqid qilmoqda


AQSh Mudofaa vaziri Donald Ramsfeld inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkiloti Amnesty International ni AQShning gumon qilinayotgan terrorchilar uchun harbiy qamog'i bo'lgan Guantanamoni "davrimizning GULAGi" deb atagani uchun keskin tanqid ostiga oldi. Biroq tashkilot vazir Ramsfeldni ikkiyuzlamachilikda va AQSh harbiy qamog'laridagi sharoitlarga nisbatan bir necha yil davomida qilinayotgan asosli tanqidga ko'z yumayotganlikda aybladi.

Amnesty International o'tgan haftada Guantanamo qamog'ini Sovet davrida og'ir sharoitlarda minglab siyosiy mahbuslar saqlangan GULAG ga qiyoslagan edi. Biroq Ramsfeld buni ig'vo deb atadi.

"Guantanamoda saqlanayotgan odamlar asosli ravishda terrorizmda ayblanmoqdalar," dedi Ramsfeld. "Ularning ko'pchiligi yol'gon gapirishni yillar davomida mashq qilgan va qiynoqlarga solinganliklarini atayin pesh qilmoqdalar. Ozod etilgan 200 tasining bir nechtasi amerikaliklarni o'ldirganlikda va o'girlaganlikda qo'li borligi uchun qaytadan jang maydonida ushlanib kelingan.

Amnesty International Ramsfeld Guantanamoda mahbuslarni noqonuniy usullar bilan so'roq qilinishga shaxsan buyruq bergan, deydi. Tashkilot, shuningdek, AQSh hukumati Amnesty International vakillarini Guantanamodagi mahbuslar bilan uchrashishga qo'ymadi, deb shikoyat ham qildi. Biroq hukumat bunday imkoniyatga Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi vakillari ega bo'lganligini ta'kidladi.

O'z navbatida Donald Ramsfeld Guantanamodagi so'nggi paytda amalga oshirilgan ijobiy o'zgarishlarga va terrorchilarning jinoyatlariga e'tibor bermasdan, muammolarni yoritayotganliklari borasida ommaviy axborot vositalarini ham tanqid ostiga oldi.

XS
SM
MD
LG