Breaking News

Afg'oniston: G’azni shahriga hujum qilgan Tolibon chekindi


Afg'onistonda Tolibon G’azni viloyati shahriga hujum qilib, ko’p sonli talafotlar bilan chekinishga majbur bo’lgan.

Mudofaa vazirligi so’zlovchisi general Muhammad Rodmanishning “Amerika Ovozi” Afg’on xizmatiga aytishicha, maxsus kuchlarning G’azniga yetib borishi bilan toliblar orqaga qaytgan.

“To’qnashuvlarda olti nafar harbiy jon bergan, besh nafari yaralangan”, - deydi Rodmanish.

Uning qo’shimcha qilishicha, 150 nafar qurollangan toliblar o’lgan va yaralangan. Otishmalar hanuz davom etayotgani aytiladi.

G’azni sog’liqni saqlash rasmiylari 16 kishining jasadi shahar kasalxonasiga olib kelinganini tasdiqladi.

NATO afg’on harbiylari G’aznining barcha hududlarini o’z nazoratiga olganini ma’lum qilmoqda.

O’zini Tolibon so’zlovchisi deb tanishtirayotgan Zabihulla Mujohid G’aznining ko’p hududlari guruh nazoratida ekanini iddao qilmoqda. U jangarilar 140 nafar afg’on harbiysini o’ldirganini da'vo qilar ekan, tolibon talafotlari haqida hech narsa demagan.

Mahalliy vaqt bilan soat ertalab ikkida Tolibon G’azni shahriga hujum qilgan edi. Rasmiylar yordamchi kuchlar yetib kelmagan taqdirda shahar toliblar nazoratiga o’tishi haqida ogohlantirgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko’ra, to’qnashuvlar natijasida keng ko’lamli yong’in yuz bergan.

G’azni mamlakat markazida joylashgan hazoralar yashovchi viloyatlardan biri bo’lib, Kobuldan 145 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG