Afg'oniston Tolibon bilan muzokara boshlaydi

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston rasmiylari Tolibon bilan tinchlik muzokaralari tez orada boshlanishini ma'lum qildi. Bu so'nggi paytlarda muxolif tomonlar bu haqda qarama-qarshi axborot tarqatishi ortidan kuzatildi.

Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Hikmat Xalil Karzayning aytishicha, zo'ravonliklarga chek qo'yish uchun Kobul muxolifat bilan muloqotga kirishish uchun sa'y-harakatlarni davom ettirmoqda.

Sobiq Prezident Hamid Karzayning jiyani Hikmat Xalil Karzay muloqotni tashkil etishda Xitoyni ham Pokistonga yordam berishga chaqirdi.

Sobiq ma'muriyat davrida Afg'oniston Pokistonni Tolibon namoyandalariga boshpana berishda ayblab kelgan. Ayni paytda Kobul Tolibonni muzokara stoliga chorlashda Islomobodning ta'siri katta bo'lishini tan oladi.

Tolibon esa afg'on hukumati bilan muzokaraga kirishgani haqidagi xabarlarni inkor etishda davom etyapti. Guruh so'zlovchisi Zabiulloh Mujohidning aytishicha, xorijiy kuchlar mamlakatni butunlay tark etmaguncha, guruh hukumat bilan muzokaraga kirishmaydi.

Ayrim tahlilchilar Kobul bilan aloqa qilish bo'yicha Tolibon yetakchilari orasida bo'linish bor, degan fikrda. Ular, shuningdek, agar yaqin orada tinchlik muloqoti boshlanmasa, Afg'oniston-Pokiston aloqalari yomonlashishi mumkin, deb hisoblaydi. Chunki Tolibonning muzokaralardan bosh tortishi Pokiston ularga yetarli darajada ta'sir ko'rsata olmayotganidan dalolat qiladi, deydi ular.

Pokiston o'z navbatida jangarilarga qarshi hujumlarni kuchaytirayotganini aytadi. AQSh rasmiylari tasdiqlagan ma'lumotga ko'ra, Islomobodning so'nggi oylarda Shimoliy Vaziristonda amalga oshirgan harbiy amaliyotlari natijasida Tolibonning mintaqadagi faoliyati ancha susaygan.

Qish o'tishi bilan Tolibon yangi jang mavsumiga tayyorgarlik ko'rayotgani aytiladi. Bu Afg'oniston armiyasi uchun xorijiy kuchlar ishtirokisiz guruh bilan ilk bor to'qnashishi bo'ladi. AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya 2014-yil oxirida rasman Afg'onistondagi harbiy missiyaga yakun yasagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG