Afg’onistonda qabilaviy qurolli otryadlar xavfsizlikni ta’minlaydi

  • Amerika Ovozi

Afg’oniston janubida jangarilar Sog’liqni saqlash vazirligining bir necha xodimini olib qochgan. Ular kecha Qandahor viloyatida g’oyib bo’lgan.

Bu orada prezident Hamid Karzay Tolibonga qarshi kurash yo’lida AQSh taklif qilgan, biroq ancha tortishuvga sabab bo’lgan rejani ma’qullagan.

Rejaga ko’ra, qabilaviy qurolli otryadlar tuziladi va ular politsiya va armiya bilan hamkorlikda, Ichki ishlar vazirligi nazorati ostida Tolibonga qarshi kurashadi.

Shu paytgacha Karzay ma’muriyati vakolatni biror tajriba-malakasi yo’q bunday guruhlarga topshirish xatarli deya qarshilik ko’rsatib kelayotgan edi.

AQSh Mudofaa vazirligi nazarida bu vaqtinchalik chora, politsiya qo’li yetmagan chekka mahallalarda xavfsizlikni ta’minlash uchun zarur.

Masala ustida Karzay va xalqaro koalitsiya qo’mondoni, AQSh generali Deyvid Petreus qattiq bahslashib qolgani haqida gaplar bor. Biroq Pentagon rasmiylari buni rad etmoqda.

AQSh qonunchilari esa Afg’onistonda urush haddan ziyod cho’zilib ketdi, ham afg’on, ham Amerika xalqining madorini qurigan deya shikoyat qilmoqda.

Senatda Tashqi aloqalar bo’yicha qo’mita raisi Jon Kerri, demokrat arbob, fikricha afg’on xalqi kurashni o’z qo’liga olishi lozim.

“Mana to’qqiz yildirki, aksariyat afg’onlar jangni bir chekkada turib, tomosha qilish bilan band. Go’yoki bu faqat G’arb va al-Qoida o’rtasida kechayotgan jangu, ularga aloqasi yo’q”, - deya noliydi Jon Kerri.

AQShning Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus vakili Richard Xolbruk tinchlik avvalo afg’on xalqiga kerak ekanini tan oladi, ammo Tolibon va al-Qoida Qo’shma Shtatlar xavfsizligiga tahdid solayotganini ham eslatmoqda.

Respublikachi senator Bob Korker fikricha esa Afg’onistonda AQSh olib borayotgan harbiy strategiya mujmal. Uningcha Obama ma’muriyati dadil qarorlar qabul qilishga ojizlik qilmoqda.

Elchi Richard Xolbruk prezident Obamaning qarorlarini himoya qilar ekan, qo’shinlar kelasi yil iyulida Afg’onistondan chiqa boshlaydi, deydi. Albatta, sharoitga qarab. Kelasi oy Afg’oniston poytaxtida xalqaro donorlar anjumani rejalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG