Breaking News

Obamaning Afg'onistondagi strategiyasi Vashingtonda keskin tanqid ostida


Prezident Barak Obama Afg'onistondagi xalqaro koalitsiyaning yangi qo'mondoni general Devid Petreus bilan, 23-iyun, 2010
Prezident Barak Obama Afg'onistondagi xalqaro koalitsiyaning yangi qo'mondoni general Devid Petreus bilan, 23-iyun, 2010

Prezident Obama yaqinda Afg’onistondagi bosh qo’mondonni yangiladi. Stenli Makkristal ishdan olinibb, o’rniga general Deyvid Petreus tayinlandi.

Ayrim harbiy tahlilchilar nazarida prezidenti nozik bir palladan bunday o’zgarish qilib, xatoga yo’l qo’ydi.

Afg’onistondagi urush boy berilishi mumkin, deydi ular. Obama askarlarni kelasi yil yozda vatanga qaytarishga va’da bergan. Afg’oniston xavfsizligi uchun javobgarlik esa mahalliy armiya zimmasiga o’tishi kerak.

Prezident Obama o’tgan yili Afg’onistonga qo’shimcha 30 ming zobit jo’natishini e’lon qilayotib, ular bir yarim yil ichida uyga qaytadi degan edi.

"AQSh va NATO kuchlari yordami bilan afg’on hukumati oyoqqa turib, mamlakatda nazoratni tezroq qo’lga oladi. Jang maydonidagi minglab amerikalik zobitlarni 2011 yilning iyulida olib chiqa boshlaymiz", - deydi Obama.

Bu e’londan bir necha soat o’tmay, Oq uy rasmiylari va Mudofaa vaziri Robert Geyts urush muhlati belgilab qo’yilganini rad etdi. Chunki g’anim kuchlar buni “AQSh mag’lubiyatni tan olyapti” deb qabul qilishi mumkin.

Afg’onistonga yangi qo’mondonlarni tasdiqlagan qonunchilar “strategiya o’zi nimadan iborat, missiya oxirigacha olib boriladimi yoki yo’qmi”? deb Oq uyni savolga tutmoqda.

"Gapni u yoq bu yoqqa olib qochmasdan, bizga anig’ini ayting. Obama ma’muriyati kelasi yilning yoziga borib, nima qilmoqchi? Vazifalarni hozirdan belgilab olmoq lozim", - deydi respublikachi senator Lindzi Grexem.

Qonunchilar o’rinli savol beryapti, deydi Deyvid Kilkullen, terrorga qarshi kurash mavzusida qator asarlar muallifi. Afg’oniston va Pokistonda, deydi u, AQSh urushni tashlab ketadi degan gaplar yuribdi.

"Ham Pokiston, ham Afg’oniston siyosiy doiralari kelajakni, ertani o’ylab, jangarilar bilan muzokaraga taraddud ko’ra boshlagan. Ularning xavotirini tushunsa bo’ladi. Xorij qo’shini ketsa, baribir Tolibon bilan gaplashishga majbur bo’lamiz deyishmoqda. Ko’p qarorlar ana shu sanaga bog’liq", - deydi olim.

Afg’onistonda xalqaro koalitsiya qo’mondoni general Deyvid Petreusning aytishicha, gap aslida muhlat haqida emas, Afg’onistonda shoshilinch choralar ko’rish zaruriyati haqida ketmoqda. Tolibon xalqaro kuchlar chekinadi deb kutib o’tirgani yo’q. Aksincha, koalitsiya irodasini sindirishga harakat qilyapti.

"Prezident Obama 2011 yilning iyulida urushni tugatishga ishora qilayotgani yo’q",- deydi Petreus.

"Iqtisodi, boshqaruvi, huquq-tartibot tizimi zaif bu davlatni oyoqqa turg’azish ko’p vaqt talab qiladi. Buni tan olamiz. Qo’yilgan muhlat - yordam hajmini oshirib, jarayonni tezlashtirishga xizmat qilishi kerak",- deydi u.

Afg’onshunos olim Entoni Kordsman fikricha, AQSh rahbari harbiy strategiyani boshidan ommaga aniq qilib tushuntirib berishi kerak edi. Missiya faqat urushni tugatish bilan cheklanib qolmaydi, deydi u, mamlakatga uzoq muddatli, har tomonlama yordam kerak.

"Obama ma’muriyati Afg’onistonda ijobiy o’zgarishlar bo’layotganini, yangi strategiya samara berayotganini, progress borligini isbotlab berishi kerak. Haqiqiy sinov ana shunda. Zobitlar soni kamayadimi, yo’qmi, bu ikkilamchi masala",- deydi Kordesman.

Turlicha talqinlarga qaramasdan, bir narsa aniq: hozir Qo’shma Shtatlar afg’on armiyasi malakasini oshirish, irodasini toblashga bor kuchini sarflayapti. Toki ular mas’uliyatni o’z bo’yniga olsin. Ittifoqchi davlatlardan ham kattaroq hissa qo’shish so’ralmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG