Breaking News

AQShning Isroilga yordami Amerika saylovida qanday aks-sado berishi mumkin?


Prezident Jo Bayden Isroilni so’zsiz qo’llab-quvvatlashi haqida bildirishi ketidan Demokratlar partiyasidagi progressiv qonunchilar uning bunday siyosatini tanqid qilishga kirishdi. Amerikalik musulmonlar esa keyingi saylovda Baydenga ovoz bermasligi mumkinligiga ishora qilmoqda.

Xalqaro hayot - 1-noyabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:06 0:00

Isroilning G’azoga hujumlari kuchayayotgan va Oq uy Kongressdan Isroilga yordam uchun milliardlab dollar so’rayotgan bir paytda “Milliy musulmon demokratik kengashi” deb nomlanuvchi tashkilot AQSh Prezidenti Jo Baydenga bitilgan ochiq xatida Amerika Isroilni otashkesinga ko’ndirmasa, keyingi yil bo’ladigan prezident saylovida Bayden musulmonlar ovozlariga umid qilmasligini bildirdi.

“Jamoamiz muhim shtatlarda hal qiluvchi ovozga ega ekanini bilamiz. O’ylaymanki, Demokratik partiya rahbarlari bunga e’tibor bermoqda va nimalar bo’layotganidan tashvishga tushib, 2024-yilda g’alaba qozonish imkoniyatlariga zarar yetishini Oq uyga bildirishmoqda”, - deydi tashkilot vakili Basim Elkarra.

2020-yil saylovida AQShda bir milliondan oshiq musulmon ovoz bergan. Bu asosiy nomzodlar deyarli teng imkoniyatga ega shtatlarda tarozi pallasini bir tomonga og’dirishga qodir kuchdir.

Amerika musulmonlari va arablari odatda demokrat nomzodlarga ovoz beradi, ammo endi vaziyat o’zgaradigan ko’rinadi.

Arab-Amerika instituti o’tkazgan yangi so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, arab-amerikaliklar orasida Baydenga xayrixohlik hozir 2020-yildagi 59 foizdan 17 foizga tushgan.

“Musulmon jamoasi, arab-amerikaliklar jamoasi, falastinlik-amerikalik rahbarlar bilan muloqotni davom ettiramiz, ularni tashvishga solayotgan muammolarni o’rganamiz”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer.

Amerika yahudiylari esa aksincha Isroilga yordam uchun Baydenga chuqur minnatdorchilik izhor qilmoqda.

“Isroil muhim mavzudir, ayniqsa yahudiy amerikaliklar uchun muhim mavzu. Bu yahudiy amerikaliklar va Isroilga xayrixohlik o’rtasida juda qattiq ruhiy bog’liqlik mavjud bo’lgan mavzu”, - deydi Amerika yahudiy demokratik kengashidan Xali Soyfer.

AQShda ham, Isroilda ham taxminan 7 milliondan yahudiy yashaydi. Ular Amerika elektoratining uch foizini tashkil etadi.

Bayden Isroilda ham maqtovlarga ko’milmoqda. U Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni urushni xalqaro gumanitar qonun qoidalariga rioya qilgan va tinch aholini ayagan holda olib borishga chaqirmoqda.

“U Isroilga “menga yordam bersangiz, men sizga yordam beraman” deb aytyapti. “Urush qoidalariga ko’ra jang qilishga qattiq harakat qilsangiz, menga sizlarni qo’llab-quvvatlash osonroq bo’ladi, xalqaro maydonda, Amerikada va Demokratik partiya ichida sizga yordam berishlarini so’rashim osonlashadi” deyapti”, - deydi Tel-Avivdagi Bar-Ilan universitetidan Jonatan Raynxold.

Ommaviy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, Baydenning Isroilga qurol yuborish qarorini demokrat fuqarolardan ko’ra respublikachi fuqarolar ko’proq olqishlamoqda.

“Isroilga yordam berishga kelganda na Tramp, na Kongressdagi respublikachilar Baydenni ortda qoldira oladi hozir”, - deydi “Amerika tadbirkorlik instituti” tahlilchisi Norman Ornstayn.

Shu bilan bir paytda G’azoda otashkesinga chaqiruvchi namoyishlar Amerika bo’ylab davom etmoqda. Urushga qarshi faollar hatto Senatdagi tinglovda ham ko’rindi. Oq uydagi rasmiylar gumanitar yordam uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan tanaffusdan XAMAS foydalanishi mumkinligini aytmoqda.

Bu o'rtada G'azoda...

Seshanba kuni Isroil G’azodagi eng serodam qochqinlar lageriga zarba berib ko’p odamni o’ldirdi. Isroil XAMASning katta qo’mondonlaridan biri nishonga olinganini ma’lum qildi.

Falastinlik rasmiylar hujumda Jabaliya lagerida kamida 50 odam nobud bo’lganini bildirmoqda. XAMAS so’zlovchisi Hazim Qosim hududda harakatning birorta qo’mondoni bo’lmaganini aytarkan, unga ko’ra hujumda o’lganlar va yaradorlar soni 400 kishi atrofida.

“Oilamning 15 a’zosidan birortasi omon qolmadi. Hammasi begunoh edi. Opamning uyi bolalari bilan, akamning uyi bolalari bilan vayron bo’ldi. Hammasi o’ldi. Faqat men va ukam omon qoldik. Bu haqiqiy qatliom. Atrofdagi 20 ta uy vayron bo’ldi”, - deydi lagerda yashagan Abdulkarim Rayan ismli bir odam.

“Al-Jazira” telekanali Isroil hujumini qoralarkan, Muhammad Abu-Qumsan ismli efir muhandisi oilasining 19 ta a’zosi halok bo’lgani haqida xabar berdi.

Isroil hujumlarini nafaqat mintaqadagi musulmon davlatlar, balki Janubiy Amerika mamlakatlari ham qoralamoqda. Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro Isroilni Falastin xalqiga qarshi qatliomda ayblab, Chili kabi elchisini Isroildan chaqirib oldi; Boliviya esa umuman Isroil bilan diplomatik aloqani uzdi.

Meksika va Braziliya Isroildan harbiy harakatlarni to’xtatishni talab qildi. Braziliya Prezidenti Luis Inasio Lula da Silva Isroil bosh vazirini aqldan ozganlikda, G’azo Sektorini butunlay yo’q qilmoqchi bo’lganlikda aybladi.

Shotlandiya birinchi vaziri Hamza Yusuf G’azoda otashkesinga da’vat etarkan, xalqaro hamjamiyat falastinliklarni himoya qila olmagani uchun, Jabaliya qochqinlar lagerida nobud bo’lgan begunoh insonlar o’limi uchun uzr so’radi.

G’azo rasmiylari mojaro boshidan beri 8,796 falastinlik, jumladan 3,648 ta bola o’lganini ma’lum qildi.

Isroil armiyasi seshanba kuni bronetransportyoriga tankga qarshi raketa tegishi oqibatida to’qqiz nafar harbiysi halok bo’lganini bildirdi. XAMAS jangchilari bilan otishmada shu kuniyoq yana ikki isroillik askar o’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG