Asli braziliyalik Kelli Oliveyra AQSh armiyasiga xizmatga yozilganida tezgina fuqarolik olaman deb o’ylagan edi. Lekin tekshiruv jarayoni ikki yilga cho’zilib ketdi.
Kelli Oliveyra Braziliyadan.13 yildan beri Amerikada. Nihoyat fuqarolik olish arafasida. Hujjatlarga qo’l qo’ydi. Qasamyod keltirishga tayyor.
AQSh bayrog’ini sharaflash kunida 18 mamlakatdan 28 kishi fuqarolikni qabul qildi. Tadbir boshqa marosimlardan ancha farqli, Amerika bayrog’i va keyinchalik madhiya yaratilishiga turtki bo’lgan tarixiy binoda o’tdi.
“Ich-ichimdan o’zimni amerikalik his qilaman. Endi rasman fuqaroman”, - deydi Oliveyra.
2016-yilning martida Oliveyra harbiy xizmat evaziga fuqarolik taklif etadigan MAVNI dasturiga yozilgan edi.
“13 yil kutganman bu kunni”, - deydi u.
Armiyaga kirishdan avval ayol qonuniy maqomga erishishning boshqa yo’llarini ham qidirib ko’rdi.
“O’qishga qatnadim, kurslarni bitirdim, so’ngra boshlang’ich sinflarga dars beradigan o’qituvchi bo’lib ishladim. Maktab orqali vizani qo’lga kiritishga harakat qildim. Lekin ishchi vizasini olish uchun noyob mutaxassis bo’lish talab qilinar ekan, maktab buni taklif eta olmadi”, - deydi u.
Keyin esa MAVNI programmasi haqida xabar topdi.
“Kimdir aytib qoldi. Bu dastur orqali AQSh armiyasida xizmat qilganlarga fuqarolik berilar ekan”.
Ammo 2016-yilda bu dastur yopilgani Oliveyraning ishiga ta’sir qildi. Davlat xavfsizligi bilan bog’liq xavotirlarni qayd etib, Pentagon MAVNIga yozilganlarni va u orqali xizmat qilayotganlarni obdon tekshira boshladi.
Harbiy tayyorgarlikni boshlab yuborgan Oliveyra ikki yil kutdi, oson bo’lgani yo’q, deydi uning do’stlaridan biri.
“Uning o’rnida men bo’lsam, balki uddasidan chiqolmasdim. Juda qiynaldi”, - deydi Loren Shroder.
Kelli Oliveyra endi nima qilmoqchi?
“Imkoniyatlar bir dunyo, hayotimning yangi sahifasi boshlanyapti. Shu kunlarda harbiy mashqlar boshlanadi. Tayyorman”, - deydi u.
Facebook Forum