Baltimor shahrida favqulodda holat hukmron

  • Amerika Ovozi

Merilend shtatining Baltimor shahrida politsiyadan olgan jarohati tufayli vafot etgan 25 yoshli qora tanli yigitning dafn marosimi ortidan namoyishlar avj olib, zo'ravonlik hollari kuzatilmoqda.

Shtat gubernatori Larri Hogan favqulodda holat e'lon qilib, tinchlik o'rnatish uchun Milliy gvardiyani yordamga chaqirdi.

Baltimor politsiyasi kapitani Erik Kovalsikning aytishicha, yuzlab yoshlar bilan yuz bergan to'qnashuvlarda kamida yetti politsiyachi tan jarohati olgan. Ularga qarata tosh, g'isht, shisha idishlar va boshqa jismlar otilgani aytilmoqda. Namoyishchilarni tarqatish uchun politsiya ko'zdan yosh oqizuvchi suv purkagan.

200 dan ziyod fuqaro hibsga olingan. 150 dan oshiq joyga o't qo'yilgan.

Politsiya mashinalariga o't qo'yilgani va yaqin atrofdagi do'konlar talangani haqida xabarlar bor.

Shaharning Mondavmin do'konlar tarmog'ida boshlangan to'qnashuv politsiya aralashuvi ortidan yanada kengaygan.

Kunning ikkinchi yarmiga borib politsiya zo'ravonlik qilgan namoyishchilarni hibsga olishni boshlagan. Zarur holatlarda, ko'zdan yosh oqiuvchi gaz va suv purkagichdan foydalanilgan.

662 ming aholiga ega Baltimor shahri poytaxt Vashingtondan 64 kilometr uzoqda joylashgan.

Shaharda maktablar va do'konlar yopilgan. Shu kunga belgilangan professional futbol o'yini ham qoldirilgan.

Freddi Grey politsiya qo'lida vafot etgandan beri shaharning, asosan, qora tanlilardan iborat aholisi politsiyani irqiy kamsitish va qattiqqo'llikda ayblab, norozilik namoyishlarini o'tkazmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG