AQSh Ukraina uchun milliardlab dollar ajratayotgan bir paytda Amerikaning o‘zi iqtisodiy muammolar bilan yuzlashmoqda – inflyatsiya kuchayib, narx-navo ko’tarilmoqda. Noyabrda Kongressga bo’ladigan oraliq saylovlarda iqtisodiyot hal qiluvchi mavzu bo’lishi hech kimga sir emas.
“Har bir amerikalik inflyatsiyani jiddiy qabul qilishimni bilishini xohlayman. Bu men uchun ichki siyosatdagi ustuvor vazifa”, - dedi Bayden.
So’nggi ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, Baydenning iqtisodiy siyosatini fuqarolarning 40 foizi qo’llab-quvvatlamoqda.
“Bayden respublikachilarga hujum qilishdan boshqa narsa bilan shug’ullangani yo’q. Inflyatsiyani jilovlagisi kelsa, hoziroq iste’foga chiqishi kerak. U Oq uyda o’tirgani sari har oy inflyatsiya yomonlashmoqda”, - deydi respublikachi senator Rik Skot.
Bayden vaziyatni o’nglash uchun bir necha tashabbus e’lon qilganini bildirdi. Xususan internet aloqaning arzonroq bo’lishi, strategik neft zaxiralaridan ko’proq neft chiqarilishi, benzin tarkibida etanol miqdorini oshirish ana shunday tashabbuslar jumlasidan.
“Respublikachilar 75 million amerikalikka soliqlarni ko’paytirmoqchi. Ularning 95 foizi yiliga 100 ming dollardan kam pul topadi. Shunda har bir oilaga soliq o’rtacha 1500 dollarga oshiriladi”, - deydi Bayden.
Oq uy iqtisodiy muammolarda pandemiya va Ukrainada urush boshlagan Rossiyani ayblamoqda. Kuzatuvchilarga ko’ra, Bayden noyabrgacha vaziyatni yaxshilamasa, demokratlar saylovni boy berishi mumkin.
“Yirik qarorlar samara berishi uchun vaqt kerak. Saylovgacha ular natija beradimi, yo’qmi, ma’lum emas”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil markazidan Bill Galston.
Iqtisodchilarga ko’ra, AQShdagi inflyatsiya dunyo bo’ylab aks-sado berishi mumkin. Xalqaro mehnat tashkilotining seshanba kuni bildirishicha, mart oyida global inflyatsiya 9,2 foizga yetgan. Bir yil oldin bu ko’rsatkich 3,7 foizga teng edi.
“Hozirgi inflyatsiya “Katta Yettilik”ka a’zo davlatlarda tanazzulga turtki beradi. Bu esa dunyo iqtisodiyoti uchun yaxshi emas”, - deydi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Dezmond Laxmen.
AQShda noyabrda bo’ladigan Kongress oraliq saylovlarida Vakillar palatasidagi barcha 435 ta o’rin, Senatning uchdan biri, 39 ta gubernatorlik kursisi uchun kurash kechishi kutilmoqda. Ayni paytda demokratlar har ikki palatada ko’pchilikni tashkil etadi.
Facebook Forum