Bostonda portlashlar, yirik shaharlarda xavfsizlik choralari kuchaytirildi

  • Amerika Ovozi

AQSh shimolidagi Boston shahrida dushanba marafon paytida ketma-ket ikki portlash yuz berib, kamida uch kishi o'lgan, 170 dan ziyodi jarohatlangan. Ayrimlarining qo'l-oyoqlari uzilib ketgan. O'lganlardan biri sakkiz yashar bola ekani aytilayapti.

Ko'rinishidan puxta rejalangan bu portlashlar ortida kim turgani haqida hozircha ma'lumot yo'q. AQSh maxfiy xizmati Oq uy tomonidan terror xuruji deya ta’riflanayotgan bu voqeani tergov qilmoqda.

Xurujlar finish chizig'i yonida sodir bo'lgan. Marafonda 25 mingga yaqin odam qatnashayotgan edi. Portlashlar sodir bo'lganida ularda 17 mingdan ziyodi finishga yetib kelgan edi.

Bostonning yana uch yerida bomba qo'yilgan bo'lgan, ammo politsiya ularni aniqlab, zararsizlantirgan.

Shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Amerikaning Chikago, Vashington, Nyu-York kabi boshqa yirik shaharlar va dunyo bo'ylab huquq-tartibot organlari oyoqqa turgan. O'nlab reyslar kechiktirilgan, ayrimlari bekor qilingan.

Kelayotgan yakshanba Londonda ham katta marafon kutilmoqda, lekin portlashlar ketidan rejaga o'zgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oq uy Bostondagi portlashlarni terror xurujlari deb atamoqda.

"Buni kim va nima uchun qilganini aniqlaymiz va aybdorlarni jazolaymiz", - dedi prezident Barak Obama xalqqa murojaat qilar ekan. “Dalillar yig’ilmaguncha jamoatchilik xulosa qilishga shoshmasin. Ammo xuruj ijrochilarini topamiz, bunga hech shubha qilmang”, - dedi AQSh rahbari.

Boston politsiyasi hamla oldidan biror ogohlantirish olgan emasmiz, deydi.

Boston Amerika shimoli-sharqidagi gavjum, markaziy shaharlardan, Massachusets shtati poytaxti. Marafon shaharda har yili o'tadigan muhim yig'inlardan va dunyoning har xil burchaklaridan mehmonlarni jalb qilib keladi.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen fojeadan dahshatda ekanini aytib, jabr ko’rganlar oilalari va yaqinlariga hamdardlik bildirmoqda. Bu og’ir damda qalban Boston va butun Amerika ahli bilanmiz, dedi Rasmussen.

Yevropa Ittifoqi prezidenti Xerman Von Rompuy ham xurujni qoralab, jinoyatchilar jazoga tortilishi muqarrar, deyapti.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun buni “shafqatsiz hujumlar” deb ta’riflab tanqid qildi. Portlashlar xalqaro birdamlik ramzi bo’lgan marafon paytida sodir etilgani undanda qo’rqinchli, dedi Pan Gi Mun.

Prezident Obamaning muojaati (ingliz tilida):



Portlash ro'y bergan lahza:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG