Birmada musulmonlar tazyiq ostida

  • Amerika Ovozi

Jakartadagi Birma elchixonasi oldida musulmonlar namoyish o'tkazmoqda. Jakarta, Indoneziya, 13-iyul, 2012-yil.

Jakartadagi Birma elchixonasi oldida musulmonlar namoyish o'tkazmoqda. Jakarta, Indoneziya, 13-iyul, 2012-yil.

Ko'plab xalqaro tashkilotlar Birma hukumatini mamlakatda musulmonlarga qarshi sodir etilayotgan zo’ravonliklarga chek qo’yishga chaqirmoqda.

Birma g’arbidagi Roxinya shtatida istiqomat qiluvchi musulmonlarga qarshi mahalliy aholi bosim o’tkazayotgani aytiladi. To’qnashuvlarda ko’plab odamlar halok bo’lgan, o’n minglab aholi turar joylarini tark etgan.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, musulmonlarga qarshi sodir etilgan jinoyatlarda hukumatning ham qo’li bor. Birmadagi rejim azaldan ozchilikdagi etnik guruhlar huquqlarini poymol etayotganlikda ayblanadi.

Ayrim davlatlar, Eron kabi, vaziyatni keskin qoralab, musulmonlarga qarshi “diniy genotsid” deb atashgacha bordi. Pokistondagi Tolibon guruhi esa qurbonlar uchun qasos olish maqsadida Birmaga hujum qilish tahdidi bilan chiqdi.

Inqirozlarni o’rganuvchi xalqaro guruh vakili Jim Della Giakomaning aytishicha, musulmon guruhlardan kelayotgan xalqaro bosim Birma hukumatini masalaga jiddiy yondashishga undashi aniq. Ammo shu bilan birga nizoning battar kuchayishiga ham sabab bo’lishi mumkin, deydi u.

“Muammo shundaki, mojaroga Birma aholisining asosiy qatlami aralashgan. Tashqi aralashuv mamlakatda millatchilik kayfiyatini kuchaytirib, vaziyatni yanada izdan chiqarishi mumkin”, - deydi Giakoma.

Roxinyadagi musulmonlar fikriga ko’ra, xalqaro ekstremist guruhlarning ularga yordam berish uchun Birmaga kirib kelishiga ishonish qiyin.

Muammoni kuzatib borayotgan Arakan loyihasi deb nomlanuvchi nodavlat tashkilot ma’lumotiga ko’ra esa, hukumat bunday tahdidlarni jiddiy qabul qilmoqda. Tashkilot vakili Kris Levaning aytishicha, Tolibonning hujum qilish haqidagi bayonoti ortidan Roxinya shtatida 38 nafar musulmon yetakchisi qamoqqa olingan.

“Bangladesh bilan chegaradosh tumanlarda ko’plab dindor va imomlar qo’lga olindi. Namoyishlarni kamaytirish uchun Ramazon oyida ham hibsga olishlar davom etmoqda”, - deydi u.

Inqirozlarni o’rganuvchi xalqaro guruhning Birma bo’yicha tadqiqotchisi Benjamin Zavakining aytishicha, muammoga faqat diniy tus berish to’g’ri emas. Nizo ozchilik etnik guruhlarga aloqador katta muammoning bir qismi, deydi u.

“Din aralashgani rost. Ammo zo’ravonlik va ayirmachilikning kelib chiqishiga sabab bu emas”, - deydi Zavaki.

Roxinyaliklarning tashqi tuzilishi boshqa birmaliklarnikidan farq qiladi. Aholi ularga Birmaga yot bo’lgan dinga ega kelgindilar sifatida qaraydi, deydi tadqiqotchi.

Zavakining aytishicha, muammoga hukumat olib borayotgan siyosat ham aybdor.

“Bir necha o’n yillardan beri roxinyaliklarga qarshi olib borilgan ayirmachilik siyosatiga qarasangiz, bu ishning hukumat roziligisiz amalga oshishi mumkin emasligiga guvoh bo’lasiz. Oila qurishda ham, ta’lim olishda ham, erkin harakatlanishda ham ajratishlar bor”, - deydi u.

Birmada 1982-yilda qabul qilingan qonunga ko’ra, roxinyalik musulmonlarga fuqarolik berilmaydi. Hujjat bekor qilinmaguncha, muammo yechim topmaydi, deydi Zavaki.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG