Xalqaro Amnistiya: Xitoyda mehnat lagerlari endi "qora qamoqxonalar"

  • Amerika Ovozi

Xitoy mehnat lageri

Xitoy mehnat lageri

Yil boshida Xitoy hukumati mamlakatdagi mehnat lagerlari yopilishini e’lon qilib, 50 yildan ortiq davom etgan siyosatga chek qo’yishini bildirdi. Biroq inson huquqlari bilan bog’liq ahvolni o’rganuvchi Xalqaro Amnistiya tashkiloti mehnat lagerlari o’rniga boshqa turdagi qamoqxonalar tushib, siyosiy va diniy dissidentlarni aybsiz saqlash holatlari davom etadi, deya da’vo qilmoqda.

Xitoy hukumati mahbuslarni mehnat orqali qayta tarbiya qilish amaliyoti tugatilganini e’lon qilgan bir paytda Xalqaro Amnistiya hisobotiga ko’ra, siyosiy faollar, Falungun amaliyotchilari, shikoyatchilar ovozlarini o’chirish maqsadida ular yashirin qamoqxonalar va narkologik dispanserlarga joylashtirilmoqda.

Tashkilot tadqiqotchisi Rouzann Rayfning aytishicha, mehnat lagerlarida saqlangan odamlar endi “qora qamoq” nomini olgan norasmiy, adliya tizimida ro’yxatdan o’tmagan joylarga ko’chirilmoqda.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro Amnistiya da’volarini inkor etib, guruh hisobotini yolg’on, demoqda.

Vazirlik rasmiysi Xalqaro Amnistiyani Xitoyga nisbatan noxolislikda va uydirmalarni tarqatayotganlikda aybladi.

Mehnat orqali qayta tarbiyalashni belgilovchi qonun Xitoyda 1957-yilda qabul qilingan. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, mamlakat bo’ylab 350 ta mehnat lageri bo’lib, unda 160 ming mahbus saqlangan. Xitoy Kommunistik partiyasining o’tgan oy o’tkazilgan plenumida e’lon qilingan islohotlar qatorida lagerlarning yopilishi ham tilga olingan edi.

Xalqaro Amnistiya o’z hisobotini 60 dan ziyod sobiq mahbuslar, oila a’zolari va advokatlari bilan o’tkazilgan suhbat asosida tayyorlaganini bildirib, mehnat lagerining nomi o’zgargan, xolos, deya xulosa qiladi.

Tadqiqotchilarning aytishicha, mehnat lagerlarining ko’pi majburiy narkologik dispanserlarga aylantirilib, nashavandlar u yerda ishlab chiqarish bilan shug’ullanadi. Bundan tashqari, deyiladi Xalqaro Amnistiya hisobotida, ruhan zaif deb tashxis qo’yish holatlari ko’payib, odalar majburan jinnixonalarda saqlanmoqda.

Sobiq mahbuslarga ko’ra, mehnat lagerlarida ular elektrik tayoqlar bilan do’pposlanar, qiynoqqa solinar, ovqatdan mahrum etilib, betayin dorilar bilan majburan inyeksiya qilinardi.

Xalqaro Amnistiya eksperti Rouzann Rayfning aytishicha, tergov izolyatorlarida ham qiynoqqa solish amaliyotlari hamon davom etmoqda.

"Bu katta muammo bo’lib, uni hal qilish uchun islohotlar va yangi qoidalar zarurati haqida gapirilmoqda. Ammo sudda qiynoqqa qo’l urganlarning ishlari ko’rilmas va ular jazoga tortilmas ekan, Xitoy hukumati amalga oshirmoqchi bo’lgan o’zgarishlarni ham ko’rmaymiz, deb qo’rqaman", - deydi Rayf.

Pekin mehnat lagerlariga nima bo’lishini va mehnat orqali qayta tarbiyalash tizimi o’rnida nima joriy etilishini hali ma’lum qilganicha yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG